Statistikada berilgan o‘lganlar soni bilan real hayotdagi o‘lganlar sonida tafovut bor – Oqilov iqrori
Jamiyat
−
03 avgust 2020
21326Shu vaqtgacha boshni tik ko‘tarib, statistika shaffof ekanini aytib kelayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus qurbonlari soni aniq emasligini tan oldi. Bugun, 3 avgust kuni Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi Habibulla Oqilov matbuot anjumanida shu haqda aytib o‘tdi.
Habibulla Oqilovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda rasman e’lon qilinayotgan koronavirus qurbonlari va haqiqatda COVID-19 kasalligidan o‘layotgan bemorlar orasida tafovut bor.
“Statistikada berilgan o‘lganlar soni bilan real hayotdagi o‘lganlar sonida tafovut bor. Masalan, bemor kelganda qo‘lida tahlili bo‘lmaydi. Uni qilishga ulgurmagan ham, harakat ham qilmagan”, dedi Oqilov.
Statistikada xatolik borligiga iqror bo‘lgan professorning keyingi gapi tabni xira qildi. Odamlar koronavirusga test topshirishga harakat qilmagan deyish mutlaqo noto‘g‘ri. Aybni odamlarga ag‘darish emas, egilgan boshni qilich kesmas deb, tizimdagi kamchilikni tan olish to‘g‘ri bo‘lardi. Odamlar kunlab test topshirolmay, topshirganlar ham natijasini kuta-kuta kasallik alomatlari o‘tib ketgan va vafot etganlar qancha bo‘ldi.
Oqilovning ta’kidlashicha, hozir alomatlar ko‘ringan barchaga koronavirusga qarshi davo choralari ko‘rilyapti. Avval bunday bo‘lmagan, tegishli shifoxonalar qabul qilmagan. Mutaxassis shunday deydi:
“Oldin bunday bemorlarni COVID-19 statsionarlariga qabul qilmas edik. Oddiy statsonarda davolar edik. Hozir uy sharoitida ham, statsionar sharoitda ham tahlil natijasini kutmasdan davoni COVID-19 kasalligidek olib borish haqida buyrug‘imiz bor”.
Tibbiyot fanlari doktorining aytishicha, koronavirus aniqlangani haqida tahlil natijasi bo‘lsa, u COVID-19 dan o‘lgan deb hisoblanar ekan. Aks holda pnevmoniya deb.
“Ming afsus, uyida davolanishga harakat qilib, og‘ir ahvolda olib kelingan bemorlar bir kun yotib, ikki kun yotib o‘ladigan bo‘lsa, o‘sha vaqt ichida tahlili bo‘lmagan bo‘lsa, klinikada tahlil olinib, tasdiqlanmagan bo‘lsa, statistikaga ular koronavirus bo‘lib tushmaydi. Shuning uchun statistikada tafovut bo‘lishi mumkin. Ular pnevmoniyadan o‘lgan deb hisoblanadi”, dedi Oqilov.
Uyida davolanishga harakat qilmagan, shifoxonaga yotolmay, koronavirusga test topshirolmay, o‘z imkoniyati bilan sog‘ayishga harakat qilgan desak, o‘rinli bo‘ladi.
Rasmiyning o‘zi aytib turibdi, qandaydir buyruq chiqmaguncha, shifoxonalar qabul qilmagan. Ho‘sh, bunday vaziyatda odamlar o‘zi bilganicha, undan-bundan eshitganicha, uyida davolanmay, o‘lib ketaverishi kerakmidi? Bundan ikki hafta oldin koronavirusga test topshirishda katta muammolar keltirib chiqarganda, “ha, tizimda xatolik bo‘ldi”, deb o‘tirgan edingiz. Oradan 15 kun o‘tib, odamlar o‘zboshimchaga chiqdimi?
Yana bir narsa, agarda pnevmoniya avj olib, o‘lim ko‘paygan bo‘lsa, uning ham alohida statistikasini yuritish yoki koronavirusga qo‘shish vaqti kelmadimi? Hurmatli rasmiylar qo‘lingizdagi qartalarni ochib, shaffof ma’lumotlar berish vaqti allaqachon kelib, o‘tib ham ketdi.
LiveBarchasi