Starmer 40 ming mahbusni ozodlikka chiqarmoqchi

Olam

image

Buyuk Britaniyaning yangi Bosh vaziri Kir Starmer qirollik qamoqxonalaridagi 40 ming mahbusni ozod qilishini aytdi. Bu haqda u jinoyatchilikni oldini olish va qamoqxona tizimi borasidagi matbuot anjumanida so‘z ochdi.

Starmer qamoqxonalarda mahkumlarning haddan tashqari to‘lib ketishini yumshatish maqsadida ular jazo muddatining atigi 40 foizini o‘taganidan so‘ng, ozod etilishi mumkinligini aytgan. Qayd etilishicha, bu masala Leyboristlar partiyasining rejasida ham keltirib o‘tilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayni paytda Angliya va Uelsdagi qamoqxonalarda rekord darajadagi – 88 ming 225 kishi jazo o‘tamoqda va mahbuslarni saqlash uchun 700 tadan kam joy qolgan.

Qamoqxonalar, garov evaziga yoki shartli ravishda ozod qilish masalalari bo‘yicha vazir etib tayinlangan Jeyms Timpsonga Bosh vazir Kir Starmer tomonidan qamoqxonalarni samarali boshqarish yuzasidan maxsus topshiriqlar berilgan.

Starmer yuqoridagi masalalarga bir kechada yechim topib bo‘lmasligini ta’kidlagan.

“Bizda juda ko‘p mahbuslar bor, ammo qamoqxonalar yetarli emas”, deydi Bosh vazir.

Hozirda hech qanday qaror qabul qilinmagan va boshqa vazirliklar ham bu bo‘yicha qarshilik bildirmagan. Shu boisdan ham Leyboristlar saylovdan oldin aytgan rejasini ro‘yobga chiqarish taraddudini ko‘rmoqda. Jinsiy jinoyatlar, zo‘ravonlik yoki terrorizm bilan bog‘liq jinoyatlar ortidan qamoqqa olinganlar partiya nazarda tutgan ushbu sxemadan foydalana olmaydi. Agar yangi sxema amalga oshirilsa, Angliya va Uelsdagi barcha qamoqxonalarda minglab mahbuslar muddatidan oldin ozod qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Britaniyaning yangi Bosh vaziri Starmer ishni sobiq hukumat rahbari Rishi Sunakning deportatsiya dasturini tugatishdan boshlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

mahbus Leyboristlar Kir Starmer

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing