Britaniya hukumatiga sotsialist bosh bo‘ldi
Tahlil
−
20 iyul 3857 7 daqiqa
2 yil-u 15 kunlik faoliyatidan so‘ng Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Kir Starmer o‘z xohishi bilan iste’foga chiqdi va uning o‘rniga Britaniya siyosatida “Shimol qiroli” nomi bilan tanilgan Endi Bernhem lavozimga keldi. 20 iyul kuni rasman o‘z vazifasini boshlagan Bernhem Birlashgan Qirollikning so‘nggi o‘n yillikdagi yettinchi Bosh vaziri bo‘ldi. Xo‘sh, yangi vazir kim va u nimalarni va’da qilmoqda?
“Shimol qiroli” kim?
Buyuk Britaniya parlamentar monarxiya, ya’ni taxtda qirol yoki qirolicha o‘tirsa-da, davlat boshqaruvining asosiy qismi parlament va Bosh vazir qo‘lida. Ammo o‘tgan dekada davomida lavozimga kelgan Bosh vazirlarning hech biri inglizlarning ko‘ngliga yo‘l topolmayapti. Qisqa fursat ichida 6 nafar hukumat rahbarining almashishi, hech biri o‘z vakolat muddatini ham yakuniga yetkazmasdan iste’foga chiqib ketishi bu yilgi issiq havodek anomal holat. Tereza Mey, Boris Jonson, Liz Trass, Rishi Sunak va hatto Kir Starmer ham buni eplolmadi. Endi Britaniyaning bor umidi Endi Bernhemdan.
Xo‘sh, o‘zi Bernhem kim?
1970 yilda Angliyaning Lankashir grafligida tug‘ilgan Endryu Myurrey Bernhem Kembrij universitetini tamomlagan. U Leyboristlar partiyasiga yoshligidayoq qo‘shilgan va 2001 yilda ilk bor parlament deputati etib saylangan. Toni Bler hamda Gordon Braun hukumatlari davrida Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash, Madaniyat, ommaviy axborot vositalari va sport masalalari bo‘yicha vazirlik lavozimlarida faoliyat olib borgan. Keyinchalik Leyboristlar partiyasi yetakchiligi uchun ikki marta kurashgan bo‘lsa-da, g‘alaba qozona olmagan.

Bernhem uzoq yillar parlament va hukumatda faoliyat yuritgan bo‘lsa-da, uning siyosiy nufuzi ayniqsa Katta Manchester meri lavozimida ishlagan davrida keskin oshdi. Aynan shu davrda u ommaviy axborot vositalari tomonidan “Shimol qiroli” deya atala boshlandi.
2017 yilda Katta Manchester meri etib saylangach, u mintaqada jamoat transportni isloh qilish, avtobuslarni mahalliy boshqaruvga qaytarish va tramvay hamda avtobuslarni yagona “Bee Network” tizimiga birlashtirish kabi tashabbuslarni amalga oshirdi. Bu esa uni nafaqat Manchester, balki butun Shimoliy Angliyada mashhur siyosatchiga aylantirdi.
“Shimol qiroli” laqabini olishi esa 2020 yilgi COVID-19 pandemiyasi davriga to‘g‘ri keladi. O‘sha paytda Boris Jonson hukumati Katta Manchester hududida qat’iy cheklovlar joriy etishni rejalashtirar ekan, Bernhem markaziy hukumatdan mahalliy aholi va tadbirkorlar uchun ko‘proq moliyaviy yordam talab qildi. U hukumat bilan ochiq qarama-qarshilikka kirishib, Shimoliy Angliya manfaatlarini qat’iy himoya qildi. Uning Manchester markazidagi chiqishlari va London siyosatiga qarshi keskin pozitsiyasi ommaviy axborot vositalarida katta rezonans uyg‘otdi. Dastlab kinoya tariqasida ishlatilgan “Shimol qiroli” atamasi vaqt o‘tishi bilan uning siyosiy brendiga aylandi.
Qisqa vaqt ichida u ishchilar sinfining eng ko‘zga ko‘ringan himoyachilaridan biri sifatida tanildi. Uning sotsialistik qarashlari va kambag‘allarni qo‘llab-quvvatlashi tez fursatda uning obro‘sini oshirib yubordi.
Ha, Bernhem sotsialist, ammo uning uchun bu mafkura Lenincha sotsializmdek qat’iy nazariya va sinfiy urush emas, balki oddiy odamlarning turmush darajasini oshirish, arzon uy-joy va sifatli jamoat transporti bilan ta’minlash g‘oyasidir.
Bugun Endi Bernhem Britaniya siyosatida mintaqaviy manfaatlarni himoya qiluvchi eng kuchli arbobdan butun mamlakat taqdiriga ta’sir etuvchi Bosh vazir lavozimiga kelmoqda.
Bernhem nimalarni va’da qilmoqda?
Buyuk Britaniyada hokimiyat almashinuvi ortidan mamlakat siyosatining yangi yo‘nalishi shakllanmoqda. Leyboristlar partiyasi rahbari etib saylangan va Bosh vazirlikka kirishayotgan Endi Bernhem ilk chiqishidayoq hukumatning ustuvor vazifalarini e’lon qildi. U o‘zini nafaqat Leyboristlar partiyasi, balki butun mamlakatning yetakchisi sifatida ko‘rishini aytib, iqtisodiyot, uy-joy, sog‘liqni saqlash, davlat boshqaruvi va energetika kabi eng og‘riqli yo‘nalishlarda keng ko‘lamli islohotlarni va’da qilmoqda.
Sotsialist yangi Bosh vazirning eng muhim va’dalaridan biri iqtisodiyot va turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan. So‘nggi yillarda Buyuk Britaniyada inflyatsiya, kommunal xizmatlar narxining oshishi va real daromadlarning pasayishi aholining asosiy muammosiga aylangan. Yangi hukumat aynan yashash xarajatlari inqirozini yumshatishni birinchi vazifa deb bilmoqda. Bernhem iqtisodiy o‘sishni tezlashtirish, biznes bilan hamkorlikni kuchaytirish va shu bilan birga davlatning strategik sohalardagi rolini oshirish tarafdori ekanini bildirdi. Shuningdek, u avvalgi siyosatchilarning qarorlarini ham tanqid qilib, aybini boshqaning bo‘yniga ilishda aybladi.
“Turmush darajasi pasayib, siyosat umuman xalqqa xizmat qilayotmagan bir paytda siyosatchilar qanday qilib barmoq niqtab, aybni boshqalarga ag‘darishlari mumkin?”, dedi u qasamyod marosimidagi nutqida.
Uy-joy masalasi ham uning kun tartibidan muhim o‘rin olgan. Bernhem keng ko‘lamli ijtimoiy uy-joy qurilishi dasturini boshlashni va’da qilmoqda. Uning fikricha, arzon uy-joylar taqchilligi nafaqat yosh oilalar, balki butun mehnat bozoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shu bois mahalliy kengashlar vakolatini kengaytirish va davlat tomonidan moliyalashtiriladigan uy-joylar sonini oshirish rejalashtirilmoqda. Agar bu reja amalga oshsa, Margaret Tetcher davridan beri hukm surib kelayotgan xususiylashtirish siyosati o‘zgarishi mumkin.

Sog‘liqni saqlash tizimi ham Bernhem e’tibor qaratayotgan asosiy yo‘nalishlardan biri. Sobiq sog‘liqni saqlash vaziri sifatida u Milliy sog‘liqni saqlash xizmati duch kelayotgan muammolarni yaxshi bilishini ta’kidlamoqda. Ayniqsa, ijtimoiy parvarish tizimini tubdan isloh qilish va kasalxonalar zimmasidagi ortiqcha yukni kamaytirish ustuvor vazifalar qatoriga kiritilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qarib borayotgan aholi soni fonida bu masala nafaqat tibbiyot, balki iqtisodiyot uchun ham strategik ahamiyat kasb etmoqda.
“Keling, siyosat e’tibordan chetda qoldirgan eng muhim masalalarni – masalan, ijtimoiy g‘amxo‘rlik tizimini – hal qilish uchun o‘zimizda shijoat topaylik hamda birgalikda maydonga chiqib, rejalarimizni qat’iyat bilan amalga oshiraylik”, degan u.
Bernhemning eng katta siyosiy g‘oyalaridan biri esa hokimiyatni markazdan hududlarga o‘tkazishdir. Katta Manchester meri sifatida ishlagan yillarida u mahalliy boshqaruvning samaradorligini bir necha bor misol qilib ko‘rsatgandi. Endilikda u Vestminster qo‘lida jamlangan vakolatlarning bir qismini Angliya hududlariga topshirishni, shahar va mintaqalarga iqtisodiy hamda moliyaviy mustaqillik berishni taklif qilmoqda. Uning fikricha, mamlakatdagi iqtisodiy tafovutlarni faqat markazlashgan boshqaruvni yumshatish orqali kamaytirish mumkin. Bu esa Buyuk Britaniya siyosatida eng yirik institutsional o‘zgarishlardan biriga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
“Agar mahalliy hokimiyatlar hatto avtobus qatnovi kabi eng oddiy narsani ham nazorat qila olmasa, ular qanday qilib odamlarni imkoniyatlar bilan bog‘lay oladi va vaziyatni ijobiy tomonga burishi mumkin?”, deb jurnalistlarga savol bilan yuzlandi.
Energetika va davlat xizmatlari bo‘yicha ham yangi hukumat avvalgisidan keskin farq qiluvchi yondashuvni taklif qilmoqda. Bernhem xususiy kompaniyalar boshqaruvidagi ayrim kommunal xizmatlar ustidan davlat nazoratini kuchaytirishni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Bundan tashqari, u avvalgi hukumatning raqamli shaxsni tasdiqlash (digital ID) loyihasini bekor qilishga ham ulgurdi. Bu qaror fuqarolik erkinliklari va shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish tarafdorlari tomonidan ijobiy kutib olindi.
Bernhem oldingi vazirlarning iste’foga chiqishiga asosiy sabablardan biri bo‘lgan partiya o‘rtasidagi bo‘linishga qarshi ham jiddiy kurash boshlamoqchi. U partiya ichidagi guruhbozlikka barham berish, Leyboristlarni yana yagona siyosiy kuchga aylantirish va “zaharlangan siyosiy muhit”ni ortda qoldirishni va’da berdi. Bernhem Kir Starmer hukumatining ayrim yutuqlarini tan olgan holda, yangi davr “ko‘proq birlik, ko‘proq vakolat va ko‘proq natija” davri bo‘lishini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, Endi Bernhem energiya xavfsizligi va aholining yashash xarajatlarini kamaytirish uchun Shimoliy dengizda burg‘ulash va neft-gaz qazib olishda yangi burg‘ulash ishlarini va’da qilmoqda. Shimoliy dengiz nefti va gazi (North Sea oil and gas) – Buyuk Britaniya, Norvegiya, Niderlandiya va Germaniya o‘rtasidagi Shimoliy dengiz tubidan qazib olinadigan neft va tabiiy gaz zaxiralaridir. 1970 yillardan buyon Shotlandiyaning Aberdin shahri yaqinidagi konlar Britaniyaning asosiy energiya manbai, minglab ish o‘rinlari va davlat byudjeti uchun soliq tushumi bo‘lib kelgan. Ammo so‘nggi yillarda zaxiralar kamayib, qazib olish ishlari deyarli to‘xtab qolgan edi. Ekologiyaga yetkazishi mumkin bo‘lgan zararlari tufayli yangi burg‘ulash ishlariga ruxsat berilmay kelayotgan edi. Biroq yangi Bosh vazir o‘z va’dalarining ustidan chiqish uchun ekologik oqibatlarga ko‘z yummoqchi ko‘rinadi. AQSH rahbari Donald Tramp ham bu qarorni olqab, Truth Social platformasida post yozdi.
“Shotlandiyadagi Aberdin aholisi ko‘chalarda raqsga tushmoqda, chunki yangi Bosh vazir Endi Bernhem bebaho Shimoliy dengiz neftini to‘liq ochib berishini aytdi!”, deb yozdi Tramp.
Biroq bu va’dalarni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Davlat moliyasi bosim ostida qolayotgan, iqtisodiy o‘sish sustlashgan va populistik kuchlar tobora kuchayib borayotgan bir paytda Bernhem oldida murakkab sinov turibdi. Uning dasturi britaniyaliklarga umid berayotgan bo‘lsa-da, siyosiy muvaffaqiyat pirovardida shiorlarga emas, balki ushbu va’dalarning amalda qay darajada bajarilishiga bog‘liq bo‘ladi.
Live
Barchasi