Starlink so‘z erkinligimi yoki kiberxavf?
Tahlil
−
02 iyun 2382 6 daqiqa
2015 yil 16 yanvar. Sietldagi yopiq tadbirda SpaceX asoschisi Ilon Mask Yerning istalgan nuqtasidagi insonga koinotdan internetga ulanishi mumkin bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh tarmog‘ini e’lon qildi. O‘sha paytda bu reja ko‘pchilik uchun fantastikadek tuyulgan bo‘lsa, ajab emas. Ammo atigi o‘n yil ichida bu fantastika 155 mamlakatda 10 million foydalanuvchiga ega haqiqatga aylandi. Hatto qo‘shnilarimiz Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston ham birma-bir shu tarmoqqa ulanmoqda. Lekin nega O‘zbekistonda hanuz Starlink yo‘q?

Starlink nima?
Starlink – SpaceX kompaniyasining sun’iy yo‘ldosh internet tizimi. Odatiy internet tarmoqlari yerosti kabellari yoki mobil minoralarga tayanadi. Starlink esa, internetni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kosmosdan uzatadi.
Eski sun’iy yo‘ldosh internetidan asosiy farqi – balandlikda bo‘lib an’anaviy geostatsionar yo‘ldoshlar Yerdan 35 786 kilometr balandda, Starlink yo‘ldoshlari esa, atigi 550 kilometrda, ya’ni quyi Yer orbitasida aylanadi. Shu sababli, signal kechikishi 20–40 millisekund bo‘lib, bu oddiy uy interneti bilan deyarli teng. Foydalanuvchi tomonida kichkina antenna o‘rnatiladi, u tepada aylanayotgan yo‘ldosh bilan ulanadi va internetni yetkazib beradi.
Loyiha 2015 yil yanvarda e’lon qilindi. 2018 yilda birinchi sinov yo‘ldoshlari orbitaga chiqarildi. 2019 yilning mayida esa, bir vaqtning o‘zida 60 ta yo‘ldosh kosmosga uchirilgan edi. 2020 yildan boshlab beta rejimida birinchi foydalanuvchilar xizmatni sinab ko‘ra boshladi.
2026 yil fevral holatiga ko‘ra, 155 mamlakatda 10 million abonent hamda orbitada 10 000 dan ortiq faol yo‘ldosh mavjud. Yuklab olish tezligi odatda 50–220 Mbit/sek. 2025 yilning o‘zida Starlink 42 yangi mamlakatda ishga tushdi. Hatto bugun Ukraina urushida harbiy aloqa vositasiga aylandi.
.jpg)
Markaziy Osiyoda Starlink
Loyiha rasman ish faoliyatini boshlaganiga u qadar ko‘p bo‘lmagan bo‘lsa-da, Markaziy Osiyoning bir qancha davlatlari Starlink tarmog‘iga rasman ulanib ulgurdi. Qozog‘iston mintaqada birinchi qadam tashladi. 2023 yilning oxirida hukumat sinov loyiha sifatida qishloq maktablarida Starlink terminallarini sinab ko‘rdi. 2024 yilning o‘rtasiga kelib “Qulay internet” dasturi doirasida 1 700 dan ortiq maktab tarmoqqa ulandi.
2025 yilning 12 iyunida Qozog‘iston Raqamli rivojlanish vazirligi Starlink bilan rasmiy shartnoma imzoladi va kompaniya mahalliy xavfsizlik hamda aloqa talablariga rioya etish majburiyatini oldi. 2025 yil 13 avgustda esa, xizmat rasman barcha foydalanuvchilar uchun ochildi.
“Bugungi kunga qadar Starlink Qozog‘istonda sinov rejimida ish olib borar, faqat maktablarda internetni ta’minlardi. Rasman u aholi uchun mavjud emas edi. Endi esa, nihoyat, biz kelishuvga erishdik: kompaniya axborot xavfsizligi va kommunikatsiyalar sohasidagi qonunchiligimizning barcha talablariga rioya qilishga rozi bo‘ldi. Bu yil ular barcha zarur choralarni amalga oshiradilar, fuqarolarimiz esa rasman va qonuniy ravishda sun’iy yo‘ldosh internetiga ulana oladilar”, degan edi Raqamli rivojlanish, innovatsiya va aerokosmik sanoat vaziri Jaslan Madiyev.
Tojikiston bu tarmoqqa ulangan mintaqadagi ikkinchi davlat bo‘ldi. Starlinkgacha aholining atigi 41,6 foizi internetdan foydalanardi. Mamlakat hududining 93 foizi tog‘lik joy bo‘lgani uchun kabel tortish qiyin bo‘lgan. Mamlakatdagi mobil internet tezligi esa o‘rtacha 10 Mbit/sek dan past va butun mamlakatda 6 000 atrofida doimiy abonent mavjud edi. 2025 yilning oktyabrida Dushanbe Xalqaro Investitsiya Forumida Starlink bilan shartnoma imzolangach, 2026 yilning 5 fevralidan boshlab Starlink rasmiy ravishda Tojikistonda ham ishga tushdi.
“Tojiktelekom” bosh direktori Baxtovar Abdusattorzoda kelishuv birinchi navbatda borish qiyin bo‘lgan hududlardagi davlat va ijtimoiy muassasalarni, jumladan maktablar, shifoxonalar va qishloq ma’muriyatlarini bog‘lashga qaratilganini aytadi.
Starlink Tojikistonga internetga qulay ulanish imkoniyatlari bilan birga so‘z erkinligini ham olib keldi. 2016 yildan beri rasmiylar barcha internet-provayderlardan xalqaro trafikni davlat nazoratidagi Yagona elektron aloqa kommutatsiya markazi orqali yo‘naltirishni talab qilib, axborot uzatishda keng qamrovli kuzatuv olib brogan. Hukumat notinchlik va g‘alayonlar davrida tanqidiy yangiliklar veb-saytlari, mustaqil ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoq platformalarini muntazam ravishda bloklab qo‘ygan. 2023 yilda Freedom House xalqaro tashkilotining dunyo bo‘ylab demokratiyalar tasnifida davlatga 100 balldan bor-yo‘g‘i 5 ball berilgan edi.
Va nihoyat Qirg‘iziston ham joriy yilning 25 may sanasida Starlink internet tarmog‘iga rasman ulandi. Aprel oyida hukumat barcha ruxsatnoma tartiblarini tugatganini ma’lum qilgan edi. Mamlakatda Starlink uskunalari to‘plamining narxi 36 ming 270 so‘m etib belgilangan.
Markaziy Osiyo davlatlari ichida faqat Turkmaniston va O‘zbekiston qoldi. Turkmanistonni-ku tushunsa bo‘ladi, hukumatning yopiq siyosati ko‘plab xalqaro tarmoqlardan chetda qolishiga olib kelishi tabiiy. Ammo O‘zbekistonchi?

Nega O‘zbekistonda yo‘q?
Aslida hammasi oldinroq bo‘lishi kerak edi. Amerikalik milliarder Ilon Mask tomonidan asos solingan SpaceX kompaniyasi 2022 yilda O‘zbekistonda yirik loyihalarni amalga oshirishga tayyorligini e’lon qilgan edi. 2022 yil may oyida O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiylari Starlink vakillari bilan uchrashib, ularni mamlakatga taklif qilgan edi. Starlink O‘zbekistonda xizmatini 2023 yilda boshlashi kutilgan edi. O‘zbekiston ko‘p ehtimol bilan hatto Qozog‘istondan oldin Starlink’ka ulanishi mumkin edi. Ammo muddat 2025 yilga surildi. 2025 yil avgustida yana surilib, 2026 yil ko‘rsatildi. Tomonlar talablari va ba’zi texnik sabablar tufayli O‘zbekiston starlink tarmog‘iga ulanmay qolib ketmoqda.
Eng katta muammolardan biri yer stansiyalaridir. Starlink ishlashi uchun orbitadagi yo‘ldoshlar yetarli emas – signalni katta internet magistrallariga ulaydigan Yer yuzidagi geytvey stansiyalari ham kerak. Qozog‘iston bu muammoni qiziqarli yo‘l bilan hal qilmoqda: o‘z geytvey stansiyalari orqali Tojikiston va Qirg‘izistonga ham Starlink xizmatini etkazib bermoqchi. Ya’ni Tojikiston signalni Qozog‘iston stansiyalari orqali oladi. O‘zbekiston uchun bu masala hali hal bo‘lmagan va Toshkent bu borada Qozog‘istonga bog‘lanib qolishni xohlamayapti.
Davlatga tegishli “O’zbektelekom” AK barcha qattiq chiziqli internet ulanishlarining 98 foizini nazorat qiladi. Bu esa, ochiq monopoliya deganidir. Starlink’ning mamlakatda asosiy provayderga aylanishi esa foydalanuvchilar ma’lumotlarini Amerikadagi xususiy Tek-kompaniyaning qo‘lida yig‘ilishiga olib kelishi mumkin.
Starlink o‘zining rasmiy maxfiylik siyosatida foydalanuvchilarning ism-sharfi, manzili, elektron pochta va bank karta rekvizitlari kabi ma’lumotlarni to‘plashi mumkinligi yozilgan. Bundan tashqari geolokatsiya va IP-manzillaringgiz kabi texnik axborotlar ham SpaceX bazalarida yig‘iladi. Garchi kompaniya aynan qaysi saytlarga kirganingiz yoki yozishmalaringiz mazmunini (trafik kontentini) saqlamasligini da’vo qilgan bo‘lsa-da, ma’lum regulyatorning yo‘qligi buni ham so‘roq ostiga qo‘yadi.
Ammo aholida tarmoqqa ulanish xohishi yuqori. 2026 yil aprel oyida Samarqand viloyatining Jartepa chegara postida tekshiruv paytida, qo‘shni davlatdan kelayotgan avtomobil yukxonasida yashirilgan Starlink terminali topildi. Ammo O‘zbekistonda tegishli ruxsatnomalar bo‘lmasa, sun’iy yo‘ldosh qurilmalarini import qilish qat’iyan taqiqlangan.
Agar O‘zbekiston Starlink tarmog‘iga ulangan taqdirda ham aholining katta qismi sun’iy yo‘ldosh internetidan foydalana olmasligi mumkin. Starlink terminali boshqa mamlakatlarda 200–500 dollar atrofida, oylik to‘lov esa, taxminan 110 dollar. O‘zbekistonning o‘rtacha ish haqi bilan hisoblasak, bu narx o‘ta yuqori. Tojikistonda subsidiyalar orqali terminal narxini 30 foiz arzonlashtirish ko‘zda tutilgan. Ammo bugun O‘zbekiston uchun bunday qimmat narxdagi internet kerakmi o‘zi?
Xullas, O‘zbekistonda Starlink’ning yo‘qligi nafaqat texnik yoki moliyaviy muammo, balki bu siyosiy boshog‘riq hamdir. Axborot xavfsizligi, geosiyosiy poyga va yana bir qator sabablar bugun ham o‘zbekistonliklarni Starlink tizimidan uzoqda saqlab turibdi.
Live
Barchasi