SSVga yangi vazifalar yuklatiladi

Jamiyat

image

Sog‘liqni saqlash vazirligi markaziy apparati tuzilmasiga vazirning sog‘liqni saqlash islohoti va axborot texnologiyalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimini kiritish rejalashtirilyapti. Bu haqda “Sog‘liqni saqlash boshqaruv organlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida so‘z boradi.

Yangi maslahatchi sog‘liqni saqlash tizimini boshqarish va rejalashtirish bo‘yicha konsepsiya hamda strategik maqsadlarni ishlab chiqish, sohadagi islohotlarni to‘liq shaklda amalga oshirilishini kuzatib boradi.

Qaror loyihasiga ko‘ra, SSVga sog‘liqni saqlash sohasi faoliyatini tashkil etishda so‘nggi yillarda to‘planib qolgan tizimli kamchilik va muammolarni hal etish hamda fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan quyidagi vazifalar qo‘shimcha tarzda yuklatiladi:

•    sog‘liqni saqlash sohasidagi milliy qonunchilikni unifikatsiyalash hamda tibbiy xizmat sifatini oshirish va bemorlar huquqlarini himoya qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mas’uliyati va himoyalanganligini kuchaytirishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir qiluvchi qonunlarni ishlab chiqish;

•    jahon standartlari asosida menejment va tibbiy xizmatlar sifatini boshqarishning eng namunali amaliyotlarini joriy etishni ta’minlaydigan zamonaviy boshqaruv tizimini va hududlarda sog‘liqni saqlashni tashkil etishning “klaster” modelini shakllantirish, tibbiyot va farmatsevtika muassasalarini akkreditatsiya qilish, shifokorlik va farmatsevtik faoliyatni litsenziyalash tizimini joriy etish;

•    tibbiy genetikani, ayollar va bolalarga shoshilinch va ixtisoslashgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, “Ona va bola” hududiy ko‘p tarmoqli tibbiyot majmualari va ma’lumotlar tizimlarini shakllantirish asosida onalik va bolalikni muhofaza qilish;

•    tibbiy yordamning samaradorligi, sifati va ommabopligini oshirish, shuningdek, tibbiy standartlashtirish tizimini shakllantirish, tashxis qo‘yish va davolashning yuqori texnologik usullarini joriy etish, patronaj xizmati va dispanserizatsiyaning samarali modellarini yaratish orqali sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va kasalliklarni profilaktika qilish;

•    tibbiyot sohasini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, tibbiy xizmat ko‘rsatishning barcha bosqichlarida davlat tomonidan kafolatlangan bepul tibbiy yordam hajmini belgilash, “har bir davolangan holat” uchun to‘lash tizimini keng joriy etish, shuningdek, majburiy tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy etish;

•    xususiy sog‘liqni saqlash tizimi, davlat-xususiy sherikligini va tibbiy turizmni rivojlantirish, sog‘liqni saqlash sohasiga investitsiyalarni keng jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va raqobat muhitini yaxshilash;

•    farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish, narx shakllanishi mexanizmlarini takomillashtirish, dori vositalari, tibbiy texnika va buyumlar ishlab chiqarish hajmi va turlarini kengaytirish, ular ustidan davlat nazoratini kuchaytirish;

•    tibbiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot fanini rivojlantirish, shu jumladan, tibbiyot ilmiy va ta’lim muassasalarini xalqaro standartlar bo‘yicha sertifikatlashtirish (akkreditatsiyadan o‘tkazish);

•    “elektron sog‘liqni saqlash” tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasi majmuasini yaratish.

Qaror loyihasi 14 oktyabrgacha muhokama qilinadi.


Maqola muallifi

Teglar

SSV

Baholaganlar

106

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing