SSV o‘zbekistonliklarni kuchli issiqdagi kasallik haqida ogohlantirdi

Jamiyat

image

Yozning issiq kunlarida quyosh nuri orqali kelib chiqadigan fotodermatoz kasalligiga chalinmaslik uchun imkon qadar yopiqroq kiyinish, soat 10:00 dan 16:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish kerak. Bu haqda Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Elmira Roziqova ma’lum qildi. 

Mutaxassisga ko‘ra, issiq kunlarda terining quyosh nuriga ta’sirchanligi oshadi. Shu tufayli fotodermatoz kasalligi yuzaga kelishi mumkin. Ya’ni ultrabinafsha nurlanish teri yoki inson tanasidagi har qanday modda bilan o‘zaro ta’sirga kirishib, allergik reaksiya paydo qilishi ehtimoli yuqori.

Roziqovaga ko‘ra, fotodermatoz ko‘krakning yuqori qismi, bo‘yin, qo‘l sohalarida pufakcha, qavariq, qizil dog‘, kuyish ko‘rinishidagi turli toshmalar, ba’zan terining qipiqlanishi, qichishishi va shishlar yuzaga kelishi bilan namoyon bo‘ladi. Toshmalar quyosh nuri ta’sir qila boshlagan ilk soatlardan to bir hafta mobaynida hosil bo‘ladi. Bu xastalik alomatlari odatda muolajalardan so‘ng yo‘qoladi. Biroq u surunkali tus olishi ham mumkin.

“Shunday muammolardan saqlanish uchun, avvalo, soat 10:00 dan 16:00 gacha soya-salqin joylarda bo‘lish tavsiya etiladi. Imkon qadar yopiqroq kiyinish zarur. Ta’sirchan teri uchun mo‘ljallangan quyosh nuriga qarshi kremlardan foydalanish maqsadga muvofiq”, deydi mutaxassis. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, ba’zi dorilar fotodermatozni keltirib chiqarishi yoki xastalikni kuchaytirishi kuzatiladi. Shu bois preparatni qo‘llashdan oldin ko‘rsatmalarni diqqat bilan o‘qish yoki shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Shuningdek, Eritromitsin, Tetratsiklin va Streptomitsin kabi dorilar ultrabinafsha nurlarini tortish xususiyatiga ega. Ushbu malhamlarni qabul qilgan yoki yuz sohalariga surtgan bemorlarga issiq kunlarda kunduzi ko‘chaga chiqishlari tavsiya etilmaydi.

“Agar sizda fotodermatoz belgilari paydo bo‘lsa, Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda uning hududiy filiallariga murojaat qilishingiz mumkin”, deya qo‘shimcha qilgan Elmira Roziqova. 

Ma’lumot uchun, bugun, 23 iyul kuni Toshkent shahrida havo biroz bulutli bo‘ladi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 5-10 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 24-26 daraja, kunduzi 38-40 daraja issiq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ob-havoning keskin isib ketishi sababli Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlaridagi barcha maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘z faoliyatini to‘xtatishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

SSV issiq Elmira Roziqova fotodermatoz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing