SSV Sirdaryodagi voqea bo‘yicha Bosh prokurorga murojaat yo‘lladi
Jamiyat
−
05 iyun 2020
11023Avvalroq, Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida chaqiriq bo‘yicha borgan tibbiyot xodimlari 6 nafar mast kishi tomonidan hech bir sababsiz kaltaklangani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy munosabat bildirib, O‘zbekiston Bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshevga murojaat yo‘llanganini ma’lum qildi.
“Ijtimoiy tarmoqlarda ma’lum qilinganidek, joriy yil 4 iyun kuni soat 00:14 da Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani “G‘alaba” mahallasida yashovchi fuqaro A.B. tomonidan “oyoqda jarohat” shikoyati bilan tez tibbiy yordam shaxobchasiga chaqiriq bo‘ladi. Tez tibbiy yordam shaxobchasi jamoasi “tez yordam” mashinasida 7 daqiqa ichida, ya’ni soat 00:21 da chaqiriq bo‘yicha manzilga yetib kelgan.
Lekin tibbiyot xodimlari o‘z xizmat vazifalarini bajarish uchun mashinadan tushishlari bilan shu yerda bo‘lgan bir guruh mast holdagi kishilar tomonidan hech qanday sababsiz kaltaklangan.
Natijada, 28 yoshli shifokor J.O. “Bosh miya chayqalishi, o‘ng qosh sohasi yirtilgan jarohati, o‘ng qovoq sohasi gematomasi, ko‘krak sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi bilan, 44 yoshli feldsher V.N. esa “Bosh miya chayqalishi, yuz sohasi, chakka sohalari yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi, o‘ng qo‘l kaft suyagi asosidan yopiq sinish” tashxisi bilan Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasi shoshilinch tez yordam bo‘limiga yotqizilgan”, deyiladi vazirlik byonotida.
Mazkur holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vaziri O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga murojaat yo‘llagan. Unda yuqorida qayd etilgan holatni nazoratga olgan holda, aybdor shaxslar qattiq javobgarlikka tortilishini ta’minlashda amaliy yordam so‘ralgan.
Avvalroq, SSV Samarqandda 34 kishiga koronavirus infeksiyasini yuqtirishda ayblangan shifokor ayol ishi bo‘yicha Bosh prokurorga murojaat yuborgandi. U murojaatni ko‘rib chiqib, vazirlikning iltimosini qanoatlantirgandi.
LiveBarchasi