Sayxunobodda tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilash uchun 60 milliard so‘m ajratiladi

Jamiyat

image

Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumanida tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilashga 60 milliard so‘m mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Bu haqda bugun, 14 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘tayotgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Mutasaddilarga tadbirkorlarning infratuzilma bilan bog‘liq masalalarni hal qilish yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi. 

Qayd etilishicha, Sayxunobod hududidan o‘tgan A-373 avtomobil yo‘lidan har kuni 20 mingdan ziyod avtomobil o‘tadi. Bu imkoniyatni ishga solish uchun “O‘rikzor”, “Guliston”, “Nurli yo‘l”, “Baxmalsoy”, “Farovon” mahallalaridagi 9 gektar maydonda 40 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti, 1 ta mehmonxona va 1 ta logistika markazi ishga tushiriladi.

Shuningdek, Sayxunoboddagi xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish masalalari ko‘rib chiqildi. Bildirilishicha, tumandagi bir necha yillardan buyon bo‘sh turgan 21 ta ob’ektga investorlarni jalb qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Kamida 100 million dollarlik sanoat loyihalari boshlanib, “Farovon” mahallasida uzoq vaqt tashlandiq bo‘lib turgan 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, tumanda kuniga o‘rtacha 300 tonna sut olinib, aholi tomonidan boshqa tumanlarga borib sotilayotgani qayd etildi. Shu munosabat bilan Xorazm tajribasi asosida “Sintob”, “Paxtaobod”, “Olg‘a bos”, “Do‘stlik” mahallalarida sutni yig‘ish shoxobchalarini ishga tushirish muhimligi ta’kidlandi. Bildirilishicha, “Olg‘a bos” mahallasida kuniga 3-4 tonna sutni qayta ishlash sexi foydalanishga topshiriladi.

Shu bilan birga, tumandagi xonadonlarning yarmida chorva boqilishi aytildi. Masalan, “Do‘stlik” mahallasida 50 dan ortiq odam chorvani yanada ko‘paytirish niyatida, lekin ularga ozuqaga yer berish, kredit olishda yordam berilmayapti. Tumanda hozir tashlandiq yotgan 400 gektar yer bo‘lsa-da, bu yerlar shunday xohishi bor odamlarga berilmagan. 

Endilikda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida qoramol, qo‘y va echki olish uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit garovsiz, naqd pulda beriladi. Bu orqali tumandagi 1,5 ming xonadonga chorvani ko‘paytirish uchun sharoit yaratiladi. Yuqorida aytilgan 400 gektar yerni esa 800 ta xonadonga bo‘lib berish topshirildi.

Ma’lum qilinishicha, Sirdaryo daryosining 19 kilometri “O‘rikzor” va “Yangihayot” mahallalaridan oqib o‘tadi. Tumanda 125 gektar tabiiy, 580 gektar sun’iy suv havzasi bo‘lsa-da, imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayapti. Shu munosabat bilan “O‘rikzor” va “Yangihayot” mahallalaridagi 500 ta xonadonga basseyn qurib, baliqchilik bilan shug‘ullanishga ko‘maklashilishi ta’kidlandi.

Bildirilishicha, samarasiz 200 gektar sun’iy suv havzalari 300 ta xonadonga baliq yetishtirish uchun bo‘lib beriladi. Bunga 100 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratiladi.

Bundan tashqari, tumandagi 19 ta mahallaning har birida istagi bor aholiga namunaviy intensiv bog‘ qilib berilishi aytildi. Qayd etilishicha, xonadonlar kooperatsiya asosida eskportchi bilan bog‘lab beriladi, 2 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash kompleksi tashkil etiladi. Tumandagi 98 kilometr kanallar va drenaj tarmoqlari atrofidagi 100 gektar bo‘sh yerlar kooperatsiya asosida 500 ta xonadonga terak ekish uchun bo‘lib beriladi.

Shuningdek, Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallani har biriga 1 tadan mini traktor, 4 tadan moto-kultivator olib berilgani ma’lum bo‘ldi.

Bildirilishicha, endilikda har bir mahalladagi hokim yordamchisi “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga olib berilgan texnikalar hisobidan tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi. Sayxunobod tajribasi butun respublikada ommalashtiradi.

Sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish esa Sayxunobodda ham, boshqa tumanlarda ham eng asosiy masala. Shu maqsadda tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 milliard so‘m kiritiladi. Bu korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘ini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi. Bundan tashqari, mahallada sotib olishni yo‘lga qo‘ygan eksportchi, ilg‘or tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi.

Prezident yig‘ilganlar e’tiborini Sayxunobodda o‘tgan yili birorta ko‘p qavatli uy qurilmaganiga, vaholanki hozirni o‘zida 1 mingga yaqin aholi uy-joy olish istagida yurganiga qaratdi. “Turon” mahallasidagi sobiq mashina-traktor parkiga tegishli bo‘sh yerda 10 ta ko‘p qavatli uy qurilishini boshlashga ko‘rsatma berildi.

Ta’kidlanishicha, bu uylarda yashaydigan aholi uchun 180 o‘rinli yangi bog‘cha va 35-maktabda 330 o‘rinli qo‘shimcha o‘quv bloki barpo etiladi. Shu yerni o‘zida ish o‘rni yaratish uchun tikuvchilik korxonalari tashkil qilinadi.

Sayxunobodda ham yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish va ish o‘rinlarini rasmiylashtirish bo‘yicha ishlarni faollashtirish lozimligi qayd etildi. Bunda, mahalla hududidagi tadbirkorlar "soya"dan chiqib, rasmiy ish o‘rnini ko‘paytirsa, daromad solig‘idan qo‘shimcha tushumning 50 foizi o‘sha mahalla ixtiyorida qoladi. Tumandagi mol-mulk va yer soliqlarining 10 foizi ham mahalla byudjetida qoladi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Sirdaryo Sayxunobod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing