Mirziyoyev Sayxunoboddagi tomorqalarga borib ko‘rdi
Jamiyat
−
14 mart
8883O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 mart kuni Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumani Ittifoq mahallasida bo‘lib, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi omilkorlik bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, Ittifoq mahallasida 6 ming 672 nafar aholi yashaydi. Uchta maktab, uchta bolalar bog‘chasi, poliklinika, o‘nlab tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Lekin bu aholi bandligini to‘liq ta’minlash uchun yetarli emas. Mehnatga layoqatli 100 kishi ishsiz. Xorijda ishlayotganlar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham bor. O‘tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun 140 ta loyihaga kredit berilgan. 137 kishiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratilgan.
“Aslida, tuman aholisiga qo‘shimcha yer ajratish shart emas. Chunki Sayxunobod tomorqalar 20 sotix atrofida bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Shundan ham to‘la foydalanilmayapti. Asosiy ekinlar beda bilan makka bo‘lib qolgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lum qilinishicha, Ittifoq mahallasida umumiy tomorqa maydoni 185 gektar. Tumandan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun suv ham yaxshi. Lekin sarxil mahsulotlar yetishtirib, ro‘zg‘orga baraka kiritish sust. Xususan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 6 sotix tomorqadan olinayotgan daromad bu yerdagi katta tomorqalar mahsuldorligidan bir necha barobar ko‘p.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5 martda qabul qilingan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilangan. Jumladan, 2024 yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish, aholining bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shunday namunaviy tomorqalar Ittifoq mahallasida ham tashkil etildi. Davlat rahbari ushbu xonadonlarni kirib ko‘rdi.
Masalan, Risolat G‘ulomova xonadonining 14 sotix tomorqasida shu paytgacha tomorqada sabzi, sarimsoq piyoz ekilib, yerning o‘ttiz foiz imkoniyatidan foydalanilgan.
“Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida tomorqaga olma va tok ko‘chatlari, ularning orasiga turli ko‘katlar ekildi. Bunga qo‘shimcha tovuq, quyon, asalari va sog‘in sigir boqish yo‘lga qo‘yildi. Bugun yurtimizda yoqilg‘isiz isiydigan issiqxonalar barpo qilish ommalashib boryapti. Davlatimiz rahbari bu tajribani ma’qullab, ularni ko‘paytirish, dehqonlarga tayyor holda qurib berish zarurligini aytgan edi. Risolat aya xonadoniga ham ikki sotixli issiqxona qurib berildi. Unga 30 tup limon, qator oralarida esa pomidor va qulupnay ekildi”, deyiladi xabarda.
Shavkat Mirziyoyev shu yerda tomorqa egalari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.
“Xalqimiz o‘z hayotida sezishi uchun hamma ishlarni mahallada tashkil qilyapmiz. Endi davlat idoralarining butun imkoniyatlarini har bir ko‘chaga, xonadonga olib kiramiz. Masalan, mahallaga biriktirilgan bank mablag‘ berish bilan birga odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi. Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish. Albatta, oson bo‘lmaydi. Bu mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish, yangi-yangi g‘oyalar degani. Lekin bajarsa bo‘ladi. Mezon bitta - iqtisodiy kompleks xalqning dardi bilan yashaydi”,degan Prezident.
Mahalla faollari aholi, umuman, sayxunobodliklar tomorqadan bunday keng foydalanishga katta qiziqish bildirayotganini aytgan. Mutasaddilar bu tajribani kengaytirishga, tomorqa egalariga ko‘maklashib, mahallalarni ishsizlikdan xoli qilishga va’da berdi.
Shu bilan davlat rahbari tashrifni yakunlab, Toshkentga qaytib keldi.
LiveBarchasi