SSV portlashdan jabrlanganlar sonini ochiqladi
3-sahifa
−
28 Sentabr 2023
11972Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida sodir bo‘lgan portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida sodir bo‘lgan portlash oqibatida jabrlanganlarning umumiy soni 163 nafarni tashkil etmoqda. Shundan jami 24 nafari Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning Toshkent viloyati filiali, Toshkent shahar tez tibbiy yordam shifoxonasi, 1-sonli Respublika va 1-sonli shahar klinik shifoxonalari hamda 1-sonli shahar tug‘uruqxonasiga yotqizilgan.
Qolgan 138 nafar jabrlangan aholi vakilining salomatligi yaxshi bo‘lganligi uchun ambulator tibbiy yordami ko‘rsatilib, uyiga javob berilgan.
Bildirilishicha, hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etgan va shifoxonaga tiriklik alomatlari bo‘lmagan holda olib kelingan.
“Ayni paytda yuqoridagi shifoxonalarda davolanayotgan bemorlar orasida o‘ta og‘ir tan jarohati olganlar yo‘q. Ularning salomatligi qoniqarli. Bemorlarga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun xirurg, travmatolog, neyroxirurg, nevropatolog, yuz-jag‘ jarrohi, akusher-ginekolog kabi respublikamizning eng yetakchi mutaxassislari jalb qilingan”, deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etilgani haqida xabar berilgan edi.
Voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga olgan. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan u.
LiveBarchasi