SSV xavotirda. Vazirlik aholiga murojaat bilan chiqdi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda karantin yumshatilganidan so‘ng koronavirus bilan kasallanish holati kundan-kunga sezilarli darajada ortib bormoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi virus yuqish soni ko‘paygani sababli, fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

Joryiy yilning sentyabr oyining ilk kunida 343 nafar bemor qayd etilgan bo‘lsa, 9 sentyabrda bu ko‘rsatkich qariyb 170 nafarga oshgan. Karantin tartiblarining yumshatilishi, maktablarda yangi o‘quv yilining boshlanishi munosabati bilan aholi o‘rtasida o‘zaro muloqotning ko‘payishi, o‘z navbatida, koronavirus xavfini ham kuchaytirgan. 

Ayni kunlarda ko‘cha, bozor va boshqa jamoat joylarida aksariyat fuqarolarning karantin qoidalariga rioya qilmasdan, beparvolik bilan, o‘zaro masofa saqlash va niqob taqish qoidalarini qo‘pollik bilan buzish holatlari ko‘paygan. 

Vazirlik xabariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2580 nafar bemor koronavirusdan davolanmoqda. Ularnig 235 nafari o‘rtacha og‘ir, 427 nafari og‘ir, 224 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda yotgani joylarda niqobsiz, masofa saqlamasdan yurgan fuqarolar uchun ogohlantirish bo‘lishi zarur. Karantin qoidalari yumshatilgani odamlarni xotirjamlikka emas, aksincha, sergaklikka chorlashi kerak. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo tajribasi bo‘yicha har qanday cheklovdan ko‘ra, odamlar orasidagi karantin madaniyati koronavirusni oldini olishda samaraliroq bo‘lib qolmoqda. 33 millionga yaqin aholisi bo‘lgan Malayziyada avgust oyida kasallanish holati 355 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, sentyabrning dastlabki haftasi davomida ko‘rsatgich 37 nafarni tashkil etgan.

Bunda aholining ongli ravishda hukumat va shifokorlarning tavsiyalarini so‘zsiz bajarishi muhim ahamiyat kasb etgan. Ularda karantin tugaganiga qaramay jamoat joylarida haliyam masofa saqlash, niqob taqish, maqsadsiz ko‘chaga chiqmaslik, katta tadbirlar o‘tkazmaslik odatga aylangan. 

“Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, bundan keyin pandemiya sharoitida yashashga, mehnat qilishga o‘rganishimiz shart. Ayni paytda o‘z salomatlingizni asrashingiz, avvalo, o‘zingiz, so‘ngra tibbiyot xodimlari va mamlakatimiz uchun qilgan eng katta xizmatingizdir. Oilangiz va farzandlaringiz hayotiga befarq bo‘lmang, yaqinlaringizning dard chekishiga sababchi bo‘lib qolmang”, deyiladi vazirlikning xabarida. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 10 sentyabr soat 10:00 holatiga ko‘ra, ushbu virusni yuqtirganlar soni 45 160 nafarga yetgan.

Ahrorbek Hayrullayev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

SSV

Baholaganlar

727

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing