Inoyatovning mavhum taqdiri: vazir nega lavozimidan “uchdi”?
Tahlil
−
05 yanvar
24022Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida 1 yil-u 1 hafta ishlagan Amrillo Inoyatov noma’lum sabablarga ko‘ra ishdan olindi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 4 yanvar kuni Bosh vazir ishtirokida majlis bo‘lgan. Unda Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatovni lavozimidan ozod etish masalasi ko‘rib chiqilgan.
Inoyatovning SSVdan ketishiga bolalarning yod preparatidan zaharlanishi, tizimdagi kamchiliklarni bartaraf etmagani sabab bo‘ldimi yoki boshqa masala, bu bizga mavhumligicha qolmoqda. Oradan ikki kun o‘tib, yanada yuqoriroq lavozimga tayinlansa ham “shok"ga tushmaymiz. Bu holatlar shu kungacha ham bo‘lgan va endi ham bo‘lmaydi, deb aytolmaymiz.
Inoyatov o‘zining vazirlik davrini bog‘cha va maktab bolalarining yod preparatidan zaharlangani bilan eslaydi, deb umid qilamiz. Har holda bu holat odamlarning esidan chiqqanicha yo‘q. "Bu ishni shaxsan nazoratga olganman”, degan Inoyatov ishni oxiri nima bo‘lganini ham aytmadi.
Yodingizda bo‘lsa, 2023 yilning 20 sentyabrdan barcha maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarni yod bilan ta’minlash dasturi boshlangandi. Preparatlar Sog‘liqni saqlash hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etildi. Hamma mashmasha ana shundan keyin boshlandi.
Yod berilganining ertasi, 21 sentyabr kuni Chust tumanidagi bog‘chalarda bolalar zaharlana boshladi. Bir-necha kun ichida, birgina Namanganning o‘zida 71 nafar bola tana haroratining ko‘tarilishi, qusish, qorin og‘rig‘i alomatlari bilan shifoxonaga yotqizildi.
Zaharlanish holati butun respublika bo‘ylab ko‘paydi, shifoxonalar yoddan zaharlangan bolalar bilan to‘ldi. Ota-onalar esa bu holat bog‘chada farzandiga yod preparati berilganidan so‘ng boshlanganini bildirdi. Biroq Sog‘liqni saqlash vazirligi yoddan zaharlanish sifatida faqat Namangandagi holatni tan oldi, xolos.
Bu holatda Sog‘liqni saqlash vazirligi vazirga gard yuqtirmaslikka urindi. Boshida bu masalada jurnalistlardan chuqurlashmaslikni so‘ragan Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov, oxir-oqibat 14 noyabrga kelib Namanganda sodir bo‘lgan zaharlanish “peredozirovka” ekanini tan oldi.
Yodingizda bo‘lsa, janob Inoyatov chiqishlardan birida Antistrumin dori vositasi bilan bog‘liq bo‘lgan barcha mas’ul xodimlar qonun oldida javob berishishi alohida urg‘ulagandi. Buni qarangki, javob berishi kerak bo‘lgan birinchi odamning o‘zi lavozimidan ketdi.
Vazir ishdan ketib, Sog‘liqni saqlash sohasi rahbarsiz qoldi, dersiz. Bunday emas. Shu vaqtgacha Prezident Administratsiyasida Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Asilbek Xudayorov Amrillo Inoyatovning o‘rnini vaqtincha egalladi.