SSV dafn etilgan ayol shifoxonadan farzandlariga qo‘ng‘iroq qilgani haqidagi xabarga munosabat bildirdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda dafn etilgan ayolning bir necha kun o‘tib, shifoxonadan farzandlariga qo‘ng‘iroq qilgani haqida xabar tarqaldi. Xabar shunday deyilgan:

“Onamni toblari qochgach, shifoxonaga yotqizdik. Ertasi kuni onamning vafot etganlari xabari keldi. Jasadni olgani shifoxonaga uch kishi bo‘lib bordik. Qora sellofanga o‘ralgan jasadni qo‘limizga tutqazishdi va ochmaslik kerakligini ta’kidlashdi. Ular aytgandek qilib, onamni ochmadik. Yig‘lab-yig‘lab, duo qilib, ko‘mib qaytdik. Uyimiz motamga aylandi.

Oradan 4-5 kun o‘tgach, telefonim jiringladi. Olsam onam! “O‘g‘lim, nega mendan xabar olmayapsizlar?”, so‘radilar g‘amgin. Shokka tushib qoldim. Shifoxonaga uchib bordim. Shifokorlar o‘lim ko‘pligidan adashib ketishganini aytib, uzr so‘rashdi. Biz begona jasadni ko‘mib kelgan ekanmiz. Onam tirik edilar. Onamni siqib bag‘rimga bosib yig‘ladim. Onam tuzalib, oilamiz bag‘riga qaytdilar, alhamdulillah...”

Mazkur xabarga Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, bemor vafot etgan taqdirda hech qachon biror shifokor uni shunday chiqarib yaqinlariga berib yubora olmaydi. Bunday holat yuz bergan taqdirda, o‘sha xodimga nisbatan chora qo‘rilar ekan.

Respublika patologik anatomiya markazi direktori, professor Rajabboy Isroilov shifoxonada vafot etgan odamning jasadini oilasiga berish qanday amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi.

Birinchidan, jasadni uning yaqinlariga berish jarayoniga davolovchi shifokor aralashmaydi. Ikkinchidan, barcha ishlar patologik anatomiya muassasasida belgilangan tartibda  bajariladi. Qolaversa, muassasa xodimi jasadni o‘rashdan oldin, albatta uning  yuzini yaqinlariga ko‘rsatib , aniqlik kiritadi. Barcha jarayonlar hujjatda  to‘la aks etadi”, deydi Rajabboy Isroilov.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda koronavirusdan vafot etgan bemorlarni dafn etish jarayonlari Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Respublika sanitariya epidemiologik osoyishtalik agentligi xodimlari ishtirokida amalga oshiriladi.

“Hurmatli yurtdoshlar, ayni vaqtda barchamiz koronavirus xavfini yaxshi sezib turibmiz. Uni bartaraf etish uchun mamlakatimiz rahbariyati va sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilari hamda xodimlari tomonidan barcha choralar ko‘rilmoqda Shunday sharoitda turli xil mish-mish va asossiz xabarlarga ishonib qolmasligingizni so‘rab qolamiz.

Insonlar hayoti va qadr qimmatiga daxl qiluvchi holatlar aniqlansa, unga sababchi bo‘lganlar qonun oldida javob beradi. Asossiz xabarlar tarqatib, odamlar orasida vahima uyg‘otishga uringanlar ham o‘z jazosini oladi”, deyiladi vazirlik bayonotida.


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

2004

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing