Toshkentda qizlarni aldab, fohishalikka majburlaganlar ushlandi (video)

3-sahifa

image

Toshkent shahrining Mirobod tumanida SPA salon ko‘rinishida faoliyat yuritgan va odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etgan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, Nigina, Ra’no va Zarnigor ismli shaxslar o‘zaro til biriktirib, salon hududida noqonuniy faoliyatni yo‘lga qo‘ygan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi e’lonlar orqali turli ish va’dalari bilan qizlarni jalb qilgan, biroq keyinchalik ularni o‘z xohishiga qarshi ravishda saqlab, intim xizmat ko‘rsatishga majburlagan.

Jabrlanganlardan birining aytishicha, u Telegram tarmog‘idagi ofitsiantlik haqidagi e’lon orqali ishga kirgan. Biroq keyinchalik undan boshqa xizmatlar talab qilingan.

“Buyumlarimni olib qo‘yishdi. Podvalga tushirishdi. Massaj qilishni bilmasligimni aytdim, o‘zimiz o‘rgatamiz deyishdi. Keyin mijozlar bilan uchrashishga majburlashdi. Rad etganimizda xonamizga kelib urishardi, sochimizdan tortishardi, baland poshnali tuflilar bilan ham urishgan paytlari bo‘lgan. Ko‘chaga haydab yuborish bilan qo‘rqitishardi”, deya jabrlanuvchi voqeani so‘zlab bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qizlar qo‘rqitish va zo‘ravonlik orqali ishlashga majbur qilingan.

“Men senga pul to‘laganman, 200 dollar berganman, boshlaymiz deyishardi. Agar aytganini qilmasam, yo‘lkirasini qaytarib to‘laysan, deb qo‘rqitishardi. Urishgan, sochimdan tortishgan. Seni yo‘q qilib yuboraman’ deb tahdid qilishgan”, deydi u.

Tezkor tadbir davomida mazkur salonda yana yetti nafar qiz massaj xizmati niqobi ostida fohishalik bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Tadbir vaqtida guruh a’zolari intim xizmat evaziga 320 AQSH dollari hamda 6 million 250 ming so‘m olayotgan paytda daliliy ashyolar bilan ushlangan.

Hodisa joyidan olingan dalillar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing