Koronavirusdan sog‘ayganlar qariyb 130 nafarga yetdi – SSV
Jamiyat
−
16 aprel 2020
8771Avvalroq, Buxoroda koronavirusga chalingan 20 nafar bemor to‘liq tuzalib, reabilitatsiyaga kuzatilgani haqida xabar bergan edik.
Bugun, 16 aprel kuni Toshkent shahri va Xorazm viloyatidan ham xushxabarlar keldi. Har ikki hududda ham bir nafardan koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor butunlay sog‘aydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Xorazmda sog‘aygan bemor viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas’ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatildi. Sog‘aygan 33 yoshli bemor joriy yil 22 mart kuni charter reys orqali Rossiyadan Xorazmga kelgan va karantinga olingan edi. Unda koronavirus infeksiyasi aniqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Uning tuzalishida, shu bilan birga, boshqa koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarda samarali davolash muolajalar olib borishda mazkur shifoxona tibbiyot xodimlarining birdamlikda olib borayotgan sa’y-harakatlar muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkentdagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklari ilmiy-tekshirish instituti klinikasida koronavirus infeksiyasiga chalingan 1 nafar bemor butkul sog‘aydi.
Sog‘aygan bemor 70 yoshda bo‘lib, Toshkent shahrida yashaydi. U muloqot orqali koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar unda infeksiya yo‘qligini ko‘rsatdi. Shunday qilib, ushbu klinikada hozirga qadar darddan forig‘ bo‘lganlar 11 nafarga yetdi.
Ayni paytda klinikada koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarga tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro stantdartlar asosida muolajalar olib borilmoqda. Bunda malakali pulmonolog, kardiolog, terapevt, endokrinolog kabi mutaxassislar bilan telemuloqot o‘rnatilib, zarur tavsiyalarni olinmoqda.
Hozirga qadar mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar 129 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha virus yuqtirganlar 1349 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi