Daromadi deklaratsiya qilinmagan “xalq xizmatchilari” xalqning hamyonini nazorat qilmoqchi...mi?
Jamiyat
−
02 may
15987Hukumat yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha "yashirin" hujjat loyihasini tayyorlamoqda. Qaror matni hali jamoatchilikka ochiq taqdim etilgani yo‘q, ammo bir qancha nashrlar hujjat bilan tanishib chiqib, undagi yangi normalar haqida aholiga ma’lumot berdi. Ushbu “Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi prezident qarori loyihasida aks etgan yangi tartiblar kam vaqt ichida jamoatchilikning ko‘plab muhokama va e’tiroziga sabab bo‘lib ulgurdi. Xo‘sh, undan fuqarolar manfaatlariga zid qanday tashabbuslar o‘rin olgan edi?
Qaror loyihasida ilgari surilgan asosiy takliflar:
- 2024 yil 1 iyuldan boshlab naqd pulda amalga oshirilgan to‘lovlar uchun keshbek qaytarishni bekor qilish;
- soliq organlari xodimlariga soliq to‘lovchining hududiga kirish va binoni ko‘zdan kechirish vakolatini berish;
- kartadan-kartaga o‘tkazmalar (p2p) jismoniy shaxslar uchun yiliga 100 million so‘mlik, tadbirkorlar uchun esa yiliga 500 million so‘mlik limitdan oshib ketsa, ushbu operatsiyalar bo‘yicha Markaziy bank va Soliq qo‘mitasi o‘zaro ma’lumot almashish;
- qurilish korxonalari tomonidan jismoniy shaxslarga ko‘chmas mulk ob’ektlari realizatsiya qilinganda soliq bazasini aniqlashda har bir kvadrat metr uchun minimal miqdorlardan kelib chiqib hisoblash;
- uy-joy, ko‘chmas mulk va avtotransport vositalari sotuvini faqat naqd pulsiz hisob-kitoblar asosida amalga oshirish;
- tovar va xizmatlar narxi 3000 dollardan oshiq bo‘lganda, to‘lovlarni faqat naqd pulsiz shaklda amalga oshirish taklif etilmoqda.
Hujjat loyihasi qanchalik adolatli?
Qaror loyihasining jamoatchilikni junbishga keltirayotgan asosiy jihati shundaki, Soliq qo‘mitasi O‘zbekiston Konstitutsiyasi va “Bank siri” to‘g‘risidagi qonunga qarshi ravishda bank kartalari egalarining moliyaviy ma’lumotlariga ega bo‘lishi mumkin. Soliq qo‘mitasi bundan oldin ham kartadan-kartaga o‘tkazmalarini tekshirishga bir necha marotaba uringan. 2020 yilda qo‘mita banklardan jismoniy shaxslarning barcha kartalariga 30 million so‘mdan ortiq mablag‘ tushsa va kartadan-kartaga tranzaksiyalari soni 10 tadan oshsa, bu haqda soliq organlarini xabardor qilishni talab etuvchi qaror loyihasini ilgari surgandi. Bildirilgan ko‘plab noroziliklar tufayli loyiha qabul qilinmagan. Soliq qo‘mitasining bu bo‘yicha harakatlarini Savdo-sanoat palatasi, Senat, Uzcard va Markaziy bank ham qoralagan edi.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishni niyat qilgan Iqtisodiyot va moliya vazirligi ham, Soliq qo‘mitasi ham negadir tadbirkorlar va fuqarolarni yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullanishga majbur qilayotgan omillarga emas, yashirin iqtisodiyot bilan shug‘ullanadiganlarga qarshi kurashayotgandek. Shu orqali qo‘mitaning jismoniy shaxslar, kichik va o‘rta biznes tadbirkorlari ustidan nazorat o‘rnatishga urinayotgani ham bor gap.
Iqtisodchi Otabek Bakirov yangi loyihani “Detallarida iblis yashiringan yomon loyiha”, deb atadi.
…Bu yomon loyiha, garchi qator konstruktiv qadamlarni ko‘zda tutgan bo‘lsa ham, chunki uning orasida, bilibmi, bilmaymi, atayinmi yo ko‘r-ko‘rona ravishda yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashda yordam beradigan emas, ertaga odamlar va himoyati yo‘q kichik biznes ustida portlovchi "minalar" joylashtirilgan”, deb yozadi Bakirov o‘zining Telegram kanalida.
“Davletovuz” Telegram kanali muallifi esa quyidagicha fikr bildirdi:
"Hukumat tomonidan ishlab chiqilgan yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish choralari (hozircha loyiha ko‘rinishida) ijobiy takliflar bilan bir qatorda, bahstalab, Soliq qo‘mitasiga yana mutlaq va nazoratsiz vakolatlarni taqdim etish xavfini oshirgan. Eng yomoni, ushbu idora imkon bo‘ldiki, o‘ziga qo‘shimcha vakolat va instrument olishga intilyapti. Ertaga kech bo‘ladi, bugun o‘ylash kerak.
Bitta narsani unutmaslik kerakki, hozirgi byudjet taqchilligini yuzaga keltirganlar odamlar, kichik va o‘rta tadbirkorlar emas, balki hisobdorligini unutgan hukumatning palapartish sarf-xarajati, monopoliya, yirik biznes olayotgan imtiyoz-u subsidiyalar oqibatidir (Mabodo muammo shunda bo‘lsa). Shuning uchun ham ikki oyoq bir etikka tiqilgan payt qora xalqning cho‘ntagiga qo‘l tiqishga urinish adolatsizlikdan boshqa narsa emas”.
Soliq qo‘mitasi nima deydi?
OAVdagi tanqidiy maqolalar va ijtimoiy tarmoqlarda bildirilgan e’tirozlardan so‘ng 1 may kuni Soliq qo‘mitasi qaror loyihasi bilan bog‘liq vaziyatga izoh berdi:
“Soliq qo‘mitasi har bir soliq to‘lovchining fikr va mulohazalarini hurmat qiladi! ...“Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi Hukumatga kiritilishidan oldin amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda regulation.gov.uz portali orqali jamoatchilik fikr-mulohazasini o‘rganish va takliflarini olish uchun keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi.
Jamoatchilik muhokamalari (tadbirkorlar, fuqarolik jamiyati institutlari, olimlar, ekspertlar va mutaxassislarning maslahatlari hamda tavsiyalari) asosida loyiha to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi va tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir etuvchi tartib-taomillar va talablar bartaraf etilgandan so‘ng loyiha Hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi”, deyiladi qo‘mita munosabatida.
Ammo ba’zilar jamoatchilikni tinchlantirishga qaratilgan bu kabi gaplarga ishonmaydi. Masalan, Bakirov X'dagi sahifasida shunday yozdi:
“Soliqchilar maqsadlaridan vaqtincha chekindi, deb o‘ylaganlar qattiq yanglishadi. Byudjet bo‘m-bo‘sh, zaxiralarning tagi ko‘ringan, qarzlar o‘zini o‘zi qaytarmaydi. O‘zbekistonni talayotgan oligarxlar, shimoldagilar, monopolistlarga, soliqchilarning tishi, afsuski, o‘tmaydi. Shuning uchun hali qo‘shin to‘plab qaytishadi. Kerak bo‘lsa, umurtqasizlar ham”.
Darhaqiqat, 2020 yilda bank kartalari ma’lumotlariga ega chiqishdan qaytarilgan qo‘mita yana bu vakolatga ega bo‘lishga urinyapti. Bundan maqsad soliqchilar iddao qilganidek, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishmi? Kartadan-kartaga o‘tkazmalar bo‘yicha belgilangan limit aks ta’sir ko‘rsatib, naqd pul shaklidagi to‘lovlar miqdori ortishi, biznes egalari o‘z faoliyatini yashirishga yana-da ko‘proq harakat qilishi mumkinligi haqida soliqchilar o‘ylab ko‘rdimi? Umuman olganda, nega tadbirkorlar soliq to‘lashdan qochyapti? Ularni soliq to‘lab, davlat himoyasi ostida bemalol tadbirkorlik qilish imkoniyati turganda, yurak hovuchlab, yashirincha faoliyat olib borishga nima majburlamoqda? Hukumat oldida turgan birinchi vazifa yuqorida turgan savollarga javob topish emasmi?
“Qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qimaydi”
Hukumat to‘rt yil ichida bir necha marotaba oddiy fuqarolar, yashirincha tadbirkorlik qilayotganlarning bank karta ma’lumotlarini olishni ko‘zda tutuvchi hujjat loyihalari ishlab chiqishga ulgurdi. Lekin mana 2021 yildan buyon davlat xizmatchilarining mol-mulkini deklaratsiya qilishga oid tayyor qonunni tasdiqlab berolmayapti. Yodingizda bo‘lsa, Prezident Farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan boshlab, davlat xizmatchilari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar, davlat korxonalari va muassasalari rahbarlari, o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi ham joriy etilishi belgilangandi. Ha, deganda endi kattalarning mol-mulki xatlovdan o‘tkaziladi. Nafaqat o‘zi, balki qarindoshlari ham boyib ketolmaydi, deyishdi.
Biroq, haligacha bu qonundan darak yo‘q. “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritilishi kerak edi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining QALAMPIR.UZ'ga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 2021 yilning avgust-sentyabr oylarida qonun loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, DXX, IIV, DSQ, Oliy sud, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Markaziy bank bilan dastlabki va idoraviy kelishuvlardan o‘tkazilib, ularning takliflari asosida takomillashtirilgan. Qonun loyihasi 2021 yilning 1 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga, 13 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan. Shu-shu, bu qonundan darak yo‘q.
Yashirin iqtisodiyot, korrupsiya, o‘g‘rilikka qarshi kurash, tintuv, surishtiruv o‘tkazilsa, nega hukumat namuna ko‘rsatib, buni o‘zidan boshlashi kerak emas? Mol-mulki va daromadlari oshkor qilinmaydigan, bir necha o‘n yillardan buyon deklaratsiyadan ham o‘tkazilmagan “xalq xizmatchilari” xalqning cho‘ntagiga kelib tushayotgan pullarini sanashga haqlimi?
LiveBarchasi