Bojxona va Soliq qo‘mitasining xodimlari pora bilan ushlandi (video)
3-sahifa
−
19 Sentabr 9580
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida Bojxona va Soliq qo‘mitalarining xodimlari pora olayotganida ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent viloyati Bojxona boshqarmasining “Navoiy” chegara bojxona posti inspektori xizmat mavqeidan foydalanib, Toshkent tumanida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan fuqaroning 7 kg oltin qimmatbaho metallarini Qozog‘istondan chegara bojxona posti orqali deklaratsiyada ko‘rsatmasdan va bojxona nazoratidan yashirgan holda o‘tkazib berish evaziga Chirchiq shahrida 5 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda bojxona xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi.
Toshkent shahrida qayd etilgan holatda esa Shayxontohur tumani Soliq inspeksiyasining sho‘’ba bosh inspektori xizmat mavqeidan foydalangan holda oziq-ovqat mahsulotlari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MCHJ faoliyatini o‘zining yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali tugatib berish evaziga 2500 dollari talab qilgan. O‘tkazilgan tezkor tadbirda u so‘ralgan pul mablag‘ini tuman Soliq inspeksiyasi binosi oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Hozirda bosh inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Boshqa holatda esa Mirobod tumani Soliq inspeksiyasining mahallalarga biriktirilgan soliq inspektorlari sho‘’basi inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda o‘ziga biriktirilgan hududda faoliyat yurituvchi savdo do‘konida soliq tekshiruvlari amalga oshirmaslik va kelgusida har qanday soliq tekshiruvlari to‘g‘risida oldindan xabar berib turish evaziga 10 million so‘m pulni o‘zining bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyatidagi chegara-bojxona postlaridan birining boshlig‘i pora bilan qo‘lga tushgandi. Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahar Soliq inspeksiyasi rahbari esa tadbirkor ayolga shilqimlik qilgani ortidan ishdan olingandi.