Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarning qancha pulini yechib olgani ma’lum bo‘ldi

Jamiyat

image

Avvalroq, Soliq qo‘mitasi tadbirkorlardan katta miqdorda asossiz pul yechib olgani haqida xabarlar tarqalib, bir holatda tadbirkordan hatto 200 mln so‘m yechib olingani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasining ma’lumotlar bazasida yuz bergan texnik nosozlik sababli 30,1 ming soliq to‘lovchining hisobidan asossiz ravishda jami 399,3 milliard so‘m mablag‘ yechib olingan. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Jumladan:

  • 7203 nafar soliq to‘lovchidan – 100 ming so‘mgacha;
  • 10 ming 165 nafar soliq to‘lovchidan – 100 ming so‘mdan 1 million so‘mgacha;
  • 8270 nafar soliq to‘lovchidan – 1 million so‘mdan 10 million so‘mgacha;
  • 3780 nafar soliq to‘lovchidan – 10 million so‘mdan 100 million so‘mgacha;
  • 672 nafar soliq to‘lovchidan – 100 mln so‘mdan 1 milliard so‘mgacha;
  • 10 nafar soliq to‘lovchidan – 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘lar yechib olingan.

Qayd etilishicha, soliq organlari mablag‘larni bugun, 13 avgust kunining oxirigacha soliq to‘lovchilarning hisob raqamlariga qaytarish bo‘yicha barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Xususan, soliq to‘lovchilarning hisobidan yechib olingan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha tegishli xulosalar to‘liq g‘aznachilikka yuborilgan.

“Mablag‘larni qaytarish avtomatik tarzda amalga oshiriladi, soliq to‘lovchilardan yozma murojaat talab etilmaydi”, deyiladi xabarda.

Qo‘mitaga ko‘ra, tijorat banklarida hali ijro qilinmagan inkasso topshiriqlari ham qaytarib olinishi ta’minlangan. Bugun soat 18:00 holatiga ko‘ra, 20 ming 608 ta sub’ektga 274,7 milliard so‘m qaytarilishi ta’minlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Soliq qo'mitasi tadbirkorlar texnik nosozlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing