Sog‘liq sohasiga soliqchi bosh bo‘lgani yetmagandi. Endi xirurg Sportni rivojlantirish vaziri bo‘ldi
Tahlil
−
18 fevral 2022
23097Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi tugatilib, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi tashkil etilayotgani haqida xabar bergan edik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Aziz Abduhakimovni Bosh vazirning o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri lavozimiga, Adham Ikromovni Sportni rivojlantirish vaziri lavozimiga tayinladi.
Bundan ilgariroq ushbu ikki nomzod Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan ma’qullangan edi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Yangi tuzilgan sportni rivojlantirish vazirligi boshiga kelgan rahbar kim? Uning sportdan xabari bormi? U sportni rivojlantira oladimi?
2017 yilning 20 iyunidan to bugungacha O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Adham Ikromov asli mutaxassisligi bo‘yicha xirurg. U 1968 yilning 20 dekabrida Toshkentda, geologlar oilasi tug‘ilgan.
U 1985-1992 yillarda S.M.Kirov nomidagi Harbiy tibbiyot akademiyasida (Leningrad) va Birinchi Toshkent davlat tibbiyot institutida tahsil olib, uni imtiyozli diplom bilan tamomlagan.
Wikipedia’dagi ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Adham Ikromov mehnat faoliyatini 1994 yilda Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazida jarroh sifatida boshlagan. Biroq u tarjimai xolida mehnat faoliyatini boshlagunga qadar ikki yil, ya’ni 1994 yilgacha nima bilan shug‘ullangani haqida ma’lumotlar keltirilmagan. QALAMPIR.UZ’da mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, u bungacha anesteziolog bo‘lib amaliyot o‘tab, tajriba to‘plagan.
Keyinchalik u, V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazining rentgenologiya bo‘limini boshqargan, shifokor va bo‘lim mudirligidan direktor o‘rinbosarigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan.
2007 yilda Ikromov Prezident Islom Karimov tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga taklif qilingan va vazirning birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
2009 yil 25 aprelda Prezident Islom Karimovning farmoniga asosan Adham Ikromov Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tayinlangan.
2012 yil 7 avgustda Adham Ikromov Bosh vazir o‘rinbosari bo‘ldi, shuningdek, Sog‘liqni saqlash, ta’lim va fan, aholini ijtimoiy muhofaza qilish kompleksiga rahbarlik qila boshladi.
O‘zbekiston Prezidenti lavozimiga kirishishi bilan Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 14 dekabrda Adham Ikromovni Bosh vazir o‘rinbosari – Sog‘liqni saqlash vaziri, shuningdek, Bosh vaziri o‘rinbosari, Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport kompleksi rahbari lavozimlariga tayinladi.
Shuningdek, Adham Ikromov 2016 yilning 19 sentyabr kuni O‘zbekiston qilichbozlik federatsiyasi rahbari lavozimiga tayinlangandi.
Adham Ikromov 2011-2012 yillarda O‘zbekiston Respublikasidan JSST Ijroiya kengashi a’zosi bo‘lgan.
Prezident farmoni bilan 2011 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun”, 2018 yilda “Mehnat shuhrati” ordenlari bilan taqdirlangan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: deputatlar Adham Ikromovning nomzodini Sportni rivojlantirish vaziri sifatida ko‘rib chiqayotganda, uning tarjimai holi bilan ham tanishganmi? Tanishgan bo‘lsa, nimalarga asoslanib butun umrini tibbiyot sohasida o‘tkazgan shifokorni qanday qilib sportga bosh qilish mumkin? Egallab turgan lavozimiga qo‘shimcha ravishda qilichbozlik federatsiyasini ham boshqardi degani, shifokorning butun boshli sportga boshchilik qila oladi degani emas, axir.
Qachongacha O‘zbekistonda Sog‘liqni saqlash sohasi boshiga soliqchi, madaniyatga qo‘shiqchi, kinoga gazetchi yoki Markaziy saylov komissiyasiga jarroh keladi? Bugun bong urayotganimiz kadrlar bilan bog‘liq muammolarning kelib chiqishi, sohalardagi bilimsizlikning asl sababi shu emasmi? 2019 yildan buyon MOQ raisi bo‘lgan Rustam Shoabdurahmonov ham kecha lavozimidan ozod etildi. Xo‘sh, asli hokimlikdan chiqqan, sportga umuman aloqasi bo‘lmagan Shoabdurahmonov nimani qoyil qildi? Savolga yelka qisishga majburmiz.
O‘qituvchilarga bosh bo‘lgan rahbar o‘qituvchining dardini muammosini bilmasa, shifokorlarga rahbar yaxshi iqtisodchi bo‘lgani bilan shifokorning kunlik tashvishi bilan yashamagan bo‘lsa, mavjud muammolar hal bo‘lib, soha rivojlanadimi?
2018 yilda Jismoniy tarbiya va sport vazirligini tuzib, uning boshiga iqtisodchi Dilmurod Nabiyevni olib kelib qo‘ygandik. Xo‘sh, u nima karomat ko‘rsatdi? Ikki o‘rtada ko‘p o‘tmay vazirlik yo‘qqa chiqdi, Turizmga qo‘shib yuborildi. Endi esa yana ajratib olindi. Bu safar ish boshida xirurg. Ko‘ramiz, natija qanday bo‘larkin?! Aslida bu shifokor Adham Ikromovning oxirgi besh yilda Savdo-sanoat palatasini boshqargani qanchalik natija bergani bilan qiyoslanadigan vaziyat.