Sodiq Safoyev Belarusda Navoiy byusti ochilishida qatnashdi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi arafasida Minsk shahri markazidagi so‘lim xiyobonda ulug‘ o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy byusti ochildi.

Ushbu byust Belarus Respublikasida sharq adabiyotining buyuk dahosiga quyilgan ilk yodgorlikdir.

Минск шаҳрида Алишер Навоий бюсти ўрнатилди

Tantanali marosimda ikki mamlakat parlamenti a’zolari, adabiyot, madaniyat namoyandalari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari qatnashdi. Xususan, O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari orasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev, Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Kurmanov, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekov ishtirok etgan.

Belarus Respublikasi Milliy majlisi Kengashi raisi o‘rinbosari Marianna Shetkina mazkur tadbir mamlakatlar o‘rtasidagi yangi bosqichga chiqqan munosabatlarning mantiqiy davomi ekanini ta’kidlagan. O‘tgan yili Toshkentda atoqli belarus adibi va jamoat arbobi Yakub Kolas xotirasiga yodgorlik o‘rnatilgani qayd etilgan. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Navoiy falsafasi xalqlar madaniyati, tafakkurida beqiyos o‘rin tutishi, Prezident Mirziyoyev tashrifi doirasida o‘tayotgan mazkur marosim o‘zbek va belarus xalqlari o‘rtasidagi uzoq asrlik do‘stlik va birodarlik rishtalari bugungi kunda yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ifoda etishini qayd etdi.

O‘zbekiston Belarusni vaqt sinovidan o‘tgan ishonchli hamkor, tashqi siyosatdagi ustuvor sherik sifatida ko‘radi. Ushbu mamlakat poytaxtida buyuk o‘zbek shoiri yodgorligining ochilishi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Alisher Navoiy byusti belaruslik yosh haykaltarosh Maksim Makarevich tomonidan ishlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Belarus' Alisher Navoiy Sodiq Safoev

Baholaganlar

6

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing