Sobiq vazirning xotini o‘ldirilishi bo‘yicha 12 xil ekspertiza tayinlangani ochiqlandi
Olam
−
21 dekabr 2023
18705Avvalroq, Qozog‘iston Respublikasining sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayev o‘z rafiqasini o‘ldirishda gumonlanib, hibsga olingani haqida xabar bergan edik. Ayolning o‘ldirilishi bo‘yicha 12 xil ekspertiza tayinlagani ochiqlandi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi rasmiy vakili Talgat Uali ma’lum qildi.
Talgat Uali jinoyat ishi doirasida Kuandik Bishimbayevning rafiqasi Saltanat Nukenovaning jasadini ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha materiallar kelib tushganini tasdiqlagan.
“Jinoyat ishi doirasida 12 ta ekspertiza tayinlangan bo‘lib, ulardan 10 tasi allaqachon o‘tkazilgan, bitta ekspertiza shu hafta yakunlanadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Shu bilan birga, u yaqinda tayinlangan ekspertiza qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda o‘tkazilishini ma’lum qilgan.
"Qonunda 30 kalendar kuni belgilangan, shu muddat ichida ekspertiza amalga oshiriladi", deydi Talgat Uali.
Mamlakat Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Marat Kojayevga ko‘ra, tergov tez orada yakunlanishi kerak.
Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.
2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘irlikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.
Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. Shundan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bishimbayev umrbod qamoq jazosini olishi mumkin.
LiveBarchasi