Sobiq Prezident Akayevga yangi ayblov qo‘yildi 

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi mamlakatning sobiq Prezidenti Asqar Akayevga yangi ayblov qo‘yilganini ma’lum qildi. Tegishli xabar kecha, 21 dekabr kuni e’lon qilindi.  

“Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “Qumtor” ishi, jumladan Asqar Akayevga nisbatan tergov davom etayotgani haqida jamoatchilikni xabardor qilishni zarur deb hisoblaydi”, deyiladi matbuot xizmati xabarida. 

Ta’kidlanishicha, sobiq davlat rahbariga 1992 yilda “Kameko” kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgani va 2003 yilda “Qumtor” loyihasi qayta tuzilgani munosabati bilan yangi ayblov qo‘yilgan. 

Qayd etilishicha, Akayev ushbu jinoyatlarni sodir etishda o‘z aybiga to‘liq iqror bo‘lib, tergov bilan faol hamkorlik qilmoqda va uning mamlakatdan tashqariga chiqib ketishi tergovchi bilan oldindan kelishilgan. 

Eslatib o‘tamiz, sobiq Prezidentning safdoshi Bekbolot Talgarbekov 20 dekabr kuni Asqar Akayevga nisbatan jinoiy ta’qib tugatilgani, unga qo‘yilgan barcha ayblovlar olib tashlangani va so‘rovlar yakunlanganini aytgandi. Shu munosabat bilan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi “yolg‘on ma’lumot tarqatishdan” tiyilishga chaqirgan. 

Shuningdek, Asqar Akayevning o‘zi ham Vatanida endi unga qarshi da’volar yo‘qligini va unga qarshi barcha ishlar yopilganini ma’lum qilgandi. 

Ma’lumot o‘rnida, Asqar Akayev Qirg‘izistonni 1991 yildan 2005 yilgacha boshqargan, u davlat to‘ntarishi natijasida lavozimidan chetlatilgan. U 2005 yildan beri Rossiyada bo‘lib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 2021 yilning iyul oyida Akayev xalqaro qidiruvga berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Akaev Qumtor

Baholaganlar

339

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing