Qirg‘izistonning sobiq prezidenti 10 yilga qamaldi

Olam

image

2005-2010 yillarda Qirg‘iziston Prezidenti lavozimida ishlagan Qurmanbek Bakiyev “Qumtor” oltin konidagi korrupsiya ishi bo‘yicha Bishkekning Pervomay tuman sudi tomonidan sirtdan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda Qirg‘iziston Oliy sudi matbuot xizmati xabar berdi.

“Sud qarori bilan Qurmanbek Bakiyev jinoyat sodir etishda aybdor deb topilib, uning mol-mulki musodara qilindi. Shuningdek, 3 yil muddatga davlat lavozimini egallash huquqidan va 10 yilga ozodlikdan mahrum qilindi”, deyiladi xabarda.

Keltirilishicha, ko‘rib chiqilayotgan ish “Qumtor” konidagi korrupsiya bilan bog‘liq bo‘lib, uning ayblanuvchilari yana bir qancha sobiq amaldorlar, shuningdek, sobiq prezidentning kenja o‘g‘li Maksim Bakiyevdir. Maksimning mol-mulki musodara qilinib, 13 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ma’lumot uchun, Qurmanbek Bakiyev 2010 yilning aprel oyida Prezidentlikdan ozod qilinganidan keyin xavfsizlik nuqtai nazaridan respublikani tark etgan edi va hozirda Belarusda yashab kelmoqda. U avvalroq mol-mulki musodara qilingan holda sirtdan 30 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Bishkek Minskdan sobiq davlat rahbarini ekstraditsiya qilishni bir necha bor talab qilgan, biroq har safar rad etilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 fevral kuni BAAda Qirg‘iziston Prezident Sadir Japarov boshchiligida mamlakatning sobiq rahbarlari – Asqar Akayev, Qurmanbek Bakiyev, Roza Otunbayeva, Almazbek Atamboyev va Sooronbay Jeenbekov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazilgan. Ammo u yerda qamoqdan chiqqan Atamboyev Bakiyevni ko‘rgach, ushbu uchrashuvni tark etgan. U bu haqda gapirarkan, uni sobiq prezidentlar bilan emas, balki amaldagi davlat rahbari Sadir Japarov va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev bilan uchrashuvga taklif qilishganini, uchrashuvda Bakiyevni ko‘rgach, uni tark etganini aytgan. 

“Mamlakatimizda tinchlik va hamjihatlikning o‘rnatilishi va Bakiyevlarning Qirg‘izistonga qaytishi orasida ikki katta farq bor. Birlashtirish butunlay boshqacha natija beradi. Juda ko‘p qon to‘kilgan, juda ko‘p narsani unutmaslik kerak va unutib bo‘lmaydi. Jinoyatchilar albatta javob berishi kerak. Eng avvalo ularni qurbonlarning yaqinlari kechirishi kerak. Va umid qilamanki, Prezident Sadir Japarov meni eshitib, to‘g‘ri qaror qabul qiladi”, deb fikr bildirgan Almazbek Atamboyev. 

Bakiyev nega Belarusga qochgan

Qirg‘izistonda boshqaruv Otunboyeva o‘tishidan avval davlatni Qurmanbek Bakiyev boshqargan. Bosh vazir Qurmanbek Bakiyev muddatidan oldin o‘tkazilgan Prezidentlik saylovlariga qadar davlat rahbari sifatida ishladi. Prezidentlikka asosiy nomzodlar Bakiyevning o‘zi va muxolifat lideri Feliks Qulov hisoblanar edi. Ammo Qulov g‘alaba qozongan taqdirda ham o‘zini Bosh vazir etib tayinlanishi va’dasi evaziga Bakiyev foydasiga nomzodini rad etdi. Saylovda Bakiyev g‘alaba qozondi.

2009 yil 23 iyulda Qirg‘izistonda navbatdagi Prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Amaldagi Prezident Qurmanbek Bakiyev 90 foizga yaqin ovoz oldi. Biroq kuzatuvchilar ushbu saylovlarning adolatliligini shubha ostiga oldi. O‘sha yilning 2 avgustida qayta saylangan Bakiyevning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi. Qurmanbek Bakiyev o‘z Prezidentligi davrida ko‘p vektorli siyosat yurgizishga harakat qildi. Ammo, mamlakat iqtisodiyoti barqarorlashuvi o‘rniga orqaga qarab ketishda davom etdi. Bakiyev boshqaruvidagi eng katta xatolardan biri esa uning mamlakatda bir-biriga qarshi bo‘lgan AQSH va Rossiya harbiy bazalarining faoliyat yuritishini ta’minlashi bo‘ldi. 

Oqibatda so‘nggi 5 yillikda qo‘zg‘almagan xalq “uchinchi” tomon yordamida g‘alayon ko‘tardi. 2010 yilning bahorida Qurmanbek Bakiyevning iste’fosini talab qilib, muxolifat namoyishlari bo‘lib o‘tdi. O‘sha yilning 7 aprelida muxolifat bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasidagi to‘qnashuvlar qurolli inqilobga aylandi, muxolifat tarafdorlari poytaxt Bishkek va asosiy ma’muriy binolarni egallab oldi. Bakiyev poytaxtdan Jalolobod viloyatiga qochib ketdi. 8 aprel kuni Bakiyev qirg‘iz xalqiga murojaat qildi. U mamlakatdagi vaziyatni nazorat qilmasligini tan olganiga qaramay, iste’foga chiqishni rad etdi. Qurmanbek Bakiyev tashqi kuchlarning Qirg‘izistondagi vaziyatni beqarorlashtirishdan manfaatdorligini e’lon qildi, lekin u qaysi mamlakatni nazarda tutganini aniq ko‘rsatmadi. BMTni Qirg‘izistonga tinchlikparvar kuchlarni kiritishga chaqirdi. 

2010 yilning 15 aprel kuni Jalolobodda muxolifat yetakchilari va Bakiyev o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Muxolifat bosimi ostida Qurmanbek Bakiyev xavfsizlik kafolati evaziga iste’foga chiqish to‘g‘risidagi xatni imzolashga rozi bo‘ldi. O‘sha kuni u Qirg‘izistonni tark etib, Qozog‘istonning Taraz shahriga uchib ketdi va 16 aprel kuni Qozog‘istonda Qirg‘iziston Prezidentligidan iste’foga chiqish xatini imzolashi bilan Muvaqqat Hukumat to‘qnashuv tugaganini e’lon qildi.

Uch kun o‘tib. Qurmanbek Bakiyev Belarusga uchdi. Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Bakiyev va uning oilasiga siyosiy boshpana berdi.

Ta’kidlash joizki, Qirg‘izistonning yon qo‘shnisi O‘zbekiston Birinchi Prezidenti, marhum Islom Karimov ushbu mamlakatdagi rahbariyat o‘zgarishiga olib kelgan voqealarga “Qirg‘izistonning ichki ishi”, deb munosabat bildirgan va qarama-qarshilikni tinch yo‘l bilan yechishga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qurmanbek Bakiev Qumtor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing