Qochishmi yoki quvg‘un?

Tahlil

Japarov Tashiyevni surgun qildimi? Bugun mana shu savolga “aktual” degan ta’rifni berishimiz mumkin. Chunki, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining sobiq rahbari Qamchibek Tashiyev “Manas” aeroportida bir nechta o‘ziga yaqin shaxslar bilan “quyuqqina” xayrlashgani aks etgan videolar tarqaldi. Bu tasvirlarni uning yaqin hamkori O‘tkirbek Rahmonov bugun, 17 fevral tongida e’lon qildi. Ammo, kuzatish marosimi aynan qaysi kuni bo‘lganiga aniqlik kiritmagan. Uning yozishicha, Tashiyev mamlakatni vaqtincha tark etgan. Sobiq rahbarning aynan qaysi mamlakatga va nima maqsadda ketayotgani bo‘yicha ham ma’lumot taqdim etilmagan. Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, u Germaniyaga jo‘nab ketgan bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, bu davolanish yoki dam olish uchun tanaffusmi yo siyosiy surgun? 

Agar Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning joriy yil, 16 fevral kuni “Kabar” nashriga bergan intervyusiga tayanadigan bo‘lsak, Qamchibek Tashiyev iste’fosidan keyin endi umuman davlat xizmatiga qaytmaydi. Prezidentning aytishicha, Tashiyev bilan do‘stona munosabatlar saqlanib qoladi, biroq unga qaysidir lavozim ishonib topshirilmaydi. Bunga sabab aynan nima degan savol ham, javob ham berilmagan bu intervyuda.

Biroq, Japarov “siyosiy silkinish” keltirib chiqargan iste’fodan so‘ng shaxsan do‘sti va uzoq yillik hamkori bilan uchrashganini ma’lum qildi. Davlat rahbarining aytishicha, ular barchasi haqida yuzma-yuz gaplashib olgan. Uning ta’kidlashicha, Tashiyev hozir dam olishi va sog‘lig‘iga e’tibor qaratishi kerak. Mana shu joyda voqealar xronikasidan xabardor har qanday odamda savol paydo bo‘ladi. Bu yuzma-yuz muhokamalar bo‘lib o‘tgani qanchalik haqiqat? Chunki, Tashiyev ishdan olinganidan keyin bayonot berib, bu qaror o‘zi uchun kutilmagan bo‘lgani, u paytda Germaniyada davolanib yotganini aytgandi. Hatto, xayrlashish uchun imkon berilmaganidan xafa bo‘lganini ham yashirib o‘tirmagan.

Biroq, keyinchalik Japarov o‘zi uchun og‘ir bo‘lgan qarorni qabul qilishidan avval do‘stiga qo‘ng‘iroq qilgani, vaziyatni tushuntirgani, uni himoya qilmoqchi bo‘layotganini aytib, ogohlantirganini iddao qilgandi. Ha, kimga ishonishni ham bilmay qolish hissi juda yomon. 

Aynan mana shunday sansalorliklar fonida iste’fo aslida rejalashtirilgani, hammasi ikki do‘stning o‘zaro kelishuvi asosidagi “spektakl”ning bir qismi ekanini aytuvchi fikr egalari ham paydo bo‘ldi. Bunday “o‘yinlar” siyosat olamidagi takrorlanuvchi element ekanini hisobga olib, bu fikrga qat’iy ishonishni boshlaganlar ham bor.

Prezident Sadir Japarov bo‘lsa, kadrlar bo‘yicha qarorlar mustaqil ravishda qabul qilinganini, bunda hech qanday kelishuv yoki tashqi bosim bo‘lmaganini aytdi. Davlat rahbarining ta’kidlashicha, huquqni muhofaza qilish tizimidagi ishlar odatdagidek davom etadi. Japarov mamlakatda to‘ntarish yoki muddatidan oldin saylovlar o‘tkazilishi ehtimolini ham rad etgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir beqarorlik uchun hech qanday asos yo‘q. Prezident mamlakatni “kuch bilan emas, aql bilan” boshqarish kerakligini ham ta’kidlagan. Shuningdek, u davlat idoralari faoliyatini shaxsan nazorat qilayotganini va barcha islohotlar qonun doirasida davom etishini bildirgan.

Qolaversa, Sadir Japarov mintaqaviy bo‘linish, muddatidan oldin bo‘ladigan saylovlar, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha savollarga ham javob bergan. Davlat rahbari mamlakat shimol va janubga bo‘linishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarni qat’iyan rad etgan. Uning aytishicha, avval bunday bo‘linishlardan ayrim siyosatchilar hokimiyat uchun kurashda foydalangan, oddiy fuqarolar esa vosita bo‘lib xizmat qilgan. 

“Men hech qachon shimol va janub bo‘linishiga yo‘l qo‘ymayman. Bunday bo‘linishlar siyosatchilarga zarur bo‘lgan vaqtda paydo bo‘ladi”, degan Prezident.

Japarovning aytishicha, 2021 yildan beri davlat idoralarida keng ko‘lamli kadrlar rotatsiyasi olib borilmoqda. Hokimlar va sudyalar to‘liq rotatsiyadan o‘tgan: janubdan bo‘lgan rahbarlar shimolda, shimoldan bo‘lganlar esa janubda ishlamoqda. Bu jarayon barcha davlat idoralarini qamrab olgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, rotatsiya kelgusida qishloqlar darajasigacha yetkaziladi. U tenderlar, yer va boshqa resurslar ko‘pincha rahbarlarning qarindoshlari yoki yaqinlariga berilayotganini ta’kidlab, bunday holatlarga barham berilishini bildirgan.

Tog‘ ikkiga ajratgan mamlakat

Qirg‘iziston siyosatidagi “Shimol-Janub” masalasi – bu shunchaki geografik tushuncha emas, balki mamlakatning o‘tgan 30 yillik tarixini belgilab bergan eng og‘riqli va nozik nuqtadir. Sadir Japarovning bu masalaga bunchalik urg‘u berayotganining sabablarini tushunish uchun ushbu “ko‘rinmas devor”ning mohiyatiga chuqurroq nazar tashlash kerak. 

Qirg‘izistonning o‘rtasidan baland Tyan-Shan tog‘ tizmalari kesib o‘tadi. Bu tabiiy to‘siq shimol va janubni bir-biridan ajratib turadi: Shimolda Chuy, Issiqko‘l, Talas, Norin viloyatlari joylashgan bo‘lib, ular boshqacharoq aytganda, tarixan Rossiya ta’siriga ko‘proq yaqin bo‘lgan, urbanizatsiyalashgan va sanoatlashgan hududlardir. Janubda esa O‘sh, Jalolobod, Botken kabi Farg‘ona vodiysi bilan tutash, an’analarga sodiq, qishloq xo‘jaligi rivojlangan va aholi zich joylashgan hududlar nazarda tutiladi.

Mustaqillikdan buyon Qirg‘izistonda hokimiyat almashinuvi ko‘pincha mintaqaviy muvozanatga tayanib kelgan. Agar prezident shimoldan bo‘lsa, u janubiy elitalar bilan kelishishga majbur bo‘lgan, aks holda bu noroziliklarga olib kelgan. Masalan, shimoldan saylangan prezident Asqar Akayevning ketishiga janubiy elitalar faol bo‘lgan 2005 yilgi “Lola” inqilobi sabab edi. Qurmanbek Bakiyevni “uchirgan” 2010 yilgi norozilikni esa shimoliy fuqarolar qo‘zg‘agan.

Japarov va Tashiyev tandemi esa Shimol va Janubning ittifoqi edi. Issiqko‘ldan bo‘lgan Sadir Japarov hamda jalolobodlik Qamchibek Tashiyev ittifoqi Qirg‘iziston tarixida kamdan kam uchraydigan “ideal muvozanat” sifatida ko‘rilgan edi. Japarov shimoliy saylovchilarni ushlab turgan bo‘lsa, Tashiyev janubning “botiri” sifatida tayanch bo‘lib keldi. Hozirgi kunda Tashiyevning lavozimidan ketishi va mamlakatdan chiqib ketishi – ushbu muvozanatning buzilishi sifatida talqin qilinmoqda. Japarovning “Shimol-janub bo‘linishiga yo‘l qo‘ymayman” deb takrorlayotgani ham aynan shu xavotirni bosishga qaratilgan.

Japarov mintaqaviy bo‘linishni “siyosatchilar o‘yini” deb atash orqali, har qanday norozilik to‘lqinini “vatanparvarlikka zid” deb e’lon qilmoqda. Agar u haqiqatda shimol va janub o‘rtasidagi farqni yo‘qota olsa, bu Qirg‘iziston uchun tarixiy burilish bo‘ladi. Biroq, Tashiyev kabi qudratli figuraning chetga surilishi janubiy elitalar orasida qanday aks-sado berishi hozircha eng katta tavakkal bo‘lib qolmoqda. 

Japarovning harakatlari garchi adolatli tizim yaratish chaqirig‘i ostida izohlanayotgan bo‘lsa-da, aslida bu “tozalashi” Tashiyev tarafdorlarini lavozimdan ayirib, qudratini kamaytirishga qaratilgan ishlar ekanini ko‘pchilik ta’kidlamoqda.

Prokuraturadagi “tozalash”

Masalan, joriy yil, 14 fevral kuni Qirg‘iziston Transport prokuraturasi boshlig‘i lavozimida ishlagan, Tashiyevning jiyani – Nurg‘ozi Matisoqov egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Qayd etish joiz, u bungacha prokuratura organlarida bir qator lavozimlarda ishlagan, jumladan, Chuy viloyatining O‘zgan, Jayil va Issiqota tumanlarida prokuror bo‘lgan. Umuman olganda, Qirg‘iziston Bosh prokuraturasida ham jiddiy kadrlar almashinuvi yuz berdi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Sadir Japarovning matbuot xizmati xabar berdi.

Boymirza Maatov Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokurorining birinchi o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi. U mazkur lavozimda 2024 yildan buyon ishlab kelayotgan edi. Uning o‘rniga Sadir Japarovning farmoni bilan Malik Bekturg‘anov tayinlangan. U bungacha O‘sh shahri prokurori lavozimida faoliyat yuritgan va prokuratura organlarida katta ish tajribasiga ega. Shuningdek, davlat rahbarining farmoni bilan Zalkarbek Aqnazarov Qirg‘iziston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari etib tayinlangan.

Joriy yilning 10 fevral kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi – Bosh vazir o‘rinbosari Qamchibek Tashiyev Prezident Sadir Japarovning farmoni bilan lavozimidan ozod etilishi hali ko‘plab muhokamalar va hatto jiddiy voqealarga ham sabab bo‘lishi mumkin. Va bu jarayonlarni QALAMPIR.UZ to‘liq yoritib boradi. Chunki, har bir hodisa O‘zbekistonga ham bevosita ta’sirini o‘tkazish ehtimoli bor. “Qo‘shning tinch – sen tinch” iborasi bejiz aytilmagan harholda.

Do‘stlikdan raqobatga aylangan munosabatlar va Tashiyevning ketishi bilan bog‘liq voqealar xronikasini “Bir qozonda qaynamagan ikki qo‘chqor kallasi” sarlavhasi ostida e’lon qilingan tahlil orqali tomosha qilishingiz mumkin!
 


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Qirg'iziston Prokuratura Sadir Japarov Qurmanbek Bakiev siyosat Qamchibek Tashiev Mustaqillik Malik Bekturg'anov “Shimol-Janub” Tashiev tandemi Zalkarbek Aqnazarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing