Sobiq Prezident Akayev Japarov va Putinga minnatdorlik bildirdi
Olam
−
21 dekabr 2021
7712Qirg‘izistonning birinchi Prezidenti Asqar Akayev Vatanida endi unga qarshi da’volar yo‘qligini va unga qarshi barcha ishlar yopilganini ma’lum qildi. Bu haqda u Rossiyaning “Moskovskiy Komsomolets” nashriga bergan intervyusida gapirgan.
“Endi men ham Qirg‘izistonning boshqa fuqarolari kabi istalgan vaqtda u yerga borishim mumkin”, degan Akayev.
Sobiq Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, u “Qumtor” ishida guvoh va ayblanuvchi sifatida ishtirok etgan.
“Bishkekda menga berilgan savollarning aksariyati aynan shu ish bilan bog‘liq edi. Axir, men bu korxona haqida ko‘proq bilaman, aynan men 1990-yillar boshida investor topganman”, degan Akayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, dastlab ular (Kanadaning Centerra Gold Inc. kompaniyasi) yaxshi ishlagan, biroq “2000-yillar boshida suiiste’mol qilish, atrof-muhitga katta zarar yetkazish boshlangan.
Akayev, shuningdek o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarning tozalanishida amaldagi Prezident Sadir Japarov asosiy rol o‘ynaganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Japarov unga shaxsan qo‘ng‘iroq qilib, 16 yildan beri to‘planib qolgan ishlarni tugatish uchun Bishkekka taklif qilgan.
“Bundan tashqari, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari, general Qamchibek Toshiyevdan ham minnatdorman. U va uning qo‘l ostidagi barcha menga juda yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Ular qonun bo‘yicha qat’iy ish tutgan bo‘lsalar ham, juda sezgir edilar”, degan Akayev.
Sobiq Prezident, shuningdek uning Qirg‘izistonga safari davlat rahbarlari darajasida kelishilgani sababli, o‘z xavfsizligidan qo‘rqmasligini aytgan.
“Rossiyada menga nisbatan mehmondo‘stlik ko‘rsatgani uchun Vladimir Vladimirovichdan cheksiz minnatdorman. 16 yildan beri shu yerda ishlayman, butun oilam uchun eng qulay sharoitlar yaratilgan”, degan Akayev.
Jurnalist Qirg‘izistonning boshqa sobiq Prezidentlaridan ham ko‘rsatma olinayotgan yoki olinmayotgani haqida so‘ragan. Akayev bunga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob bermagan, biroq “hozir ikki sobiq Bosh vazir “Qumtor” masalasi bo‘yicha tergov qilinayotganini” ta’kidlagan.
Avvalroq, Akayev 19 dekabr kuni Moskvaga uchib ketgani haqida xabar bergandik.
Ma’lumot o‘rnida, Asqar Akayev Qirg‘izistonni 1991 yildan 2005 yilgacha boshqargan, u davlat to‘ntarishi natijasida lavozimidan chetlatilgan. U 2005 yildan beri Rossiyada bo‘lib, ilmiy faoliyat bilan shug‘ullangan. 2021 yilning iyul oyida Akayev xalqaro qidiruvga berilgan.
LiveBarchasi