Akayevning sobiq prezident maqomini tiklash so‘rovi rad etildi
Olam
−
25 Sentabr
2480Qirg‘iziston parlamenti respublikaning birinchi rahbari Asqar Akayevning sobiq prezident maqomini tiklashdan bosh tortdi. Bu haqda “Kaktus media” xabar berdi.
Kecha, 24 sentyabr kuni Qirg‘iziston parlamentining Konstitutsiyaviy qonunchilik, davlat tuzilishi, sud-huquq masalalari va reglamenti qo‘mitasi parlamentga Asqar Akayevning uni sobiq prezident maqomiga qaytarish bo‘yicha iltimosini rad etishni tavsiya qilgan edi.
“Jogorku Kenesh ushbu qarorni qo‘llab-quvvatladi va Asqar Akayevning vaqtinchalik deputatlik komissiyasini tuzish haqidagi arizasini qanoatlantirishdan bosh tortdi”, deyiladi xabarda.
Nashrning yozishicha, qaror ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilingan. 71 deputat maqomni tiklashni rad etish uchun ovoz bergan bo‘lsa, atigi ikki deputat buni ma’qullagan.
Ma’lumot uchun, Qirg‘izistonning birinchi prezidenti, fizik olim, akademik Asqar Akayev mamlakat mustaqillikka erishgan paytdan boshlab 2005 yilgacha unga rahbarlik qilgan. 2005 yil 24 martdagi “Lolalar inqilobi” oqibatida hokimiyatdan ag‘darilgan va mamlakatni tark etgan. Shundan buyon u Rossiyada yashaydi.
Akayev rahbarligi mamlakatda korrupsiya, hokimiyatni tortib olish, shuningdek, Jalolobod viloyati Aqsi tumani Bospiyek qishlog‘ida o‘tkazilgan tinch mitingda fuqarolarga qarshi qurol qo‘llagani bilan yodda qolgan.
Bugungi kunda faqat Qirg‘izistonning oldingi rahbarlaridan Sooronbay Jeenbekov va Roza Otunboyeva sobiq prezident maqomiga ega. Qonunga ko‘ra, sobiq prezidentlar umrbod sug‘urta, davlat xavfsizligi, tibbiy yordam, maosh, davlat dachalaridan biri va boshqa ko‘p narsalardan bepul foydalana oladi.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyi boshida Asqar Akayev qonun chiqaruvchi organga rasmiy xat yo‘llab, sobiq prezident maqomini qaytarishni so‘ragan edi. Bu maqom unga amaldagi rahbar ish haqining 75 foizi miqdorida pensiya, umrbod davlat himoyasi huquqi va boshqa ko‘plab imtiyozlar beradi.
LiveBarchasi