Sobiq mudofaa vaziri Fedorov Zelenskiyga qarshi saylov o‘tkazishga chaqirdi

Olam

image

Ukrainaning yaqinda lavozimidan ozod etilgan sobiq mudofaa vaziri Mixaylo Fedorov mamlakatda urush davom etayotganiga qaramay prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga chaqirdi. Bu haqda “The Guardian” xabar berdi.

Qayd etilishicha, Fedorov kecha, 18 avgust kuni kechqurun internetda e’lon qilingan 9 daqiqalik videomurojaatida Ukraina “uzoq davom etayotgan urush sharoitida ham to‘liq demokratik jarayonni tiklashi” kerakligini aytgan. 

“Demokratiya Rossiya tomonidan garovga olinishi mumkin emas. Biz aynan erkin Yevropa davlati bo‘lib qolishni istaganimiz uchun kurashyapmiz”, degan u.

Sobiq vazir Prezident Vladimir Zelenskiyning nomini tilga olmagan bo‘lsa-da, mamlakatda davlat boshqaruvi samarasiz ishlayotgani va milliy favqulodda holatga qaramay korrupsiya muammosi hal etilmayotganini tanqid qilgan. 

“Odamlar qarorlar nima uchun qabul qilinayotganini tushunmaydigan holatda cheksiz yashay olmaydi. Nega ayrim islohotlar oldinga siljiydi, boshqalari esa to‘sib qo‘yiladi”, degan Fyodorov.

U Ukraina urush olib borish bilan bir vaqtda umummilliy saylov ham o‘tkazishi mumkinligini ta’kidlagan. 

“Jamiyatda lavozimga tayinlashning asosiy mezoni professionallik, natija yoki mamlakatni o‘zgartirish qobiliyati emas, balki tizimga shaxsiy sadoqat degan tushuncha paydo bo‘lishi, ayniqsa xavfli”, degan siyosatchi.

Ukrainada Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan keyin harbiy holat joriy etilgan va shu paytdan beri saylovlar to‘xtatilgan. Zelenskiyning 5 yillik prezidentlik muddati 2024 yil may oyida tugagan, ammo urush davom etayotgan bir paytda Ukrainada saylov o‘tkazishga talab kuchli bo‘lmagan.

AQSH Prezidenti Donald Tramp ham avvalroq Ukrainada saylov o‘tkazilishini talab qilgan edi. Biroq uning Zelenskiy bilan avval keskin bo‘lgan munosabatlari so‘nggi bir yilda Kiyev jang maydonida o‘zini himoya qila olishini ko‘rsatgani sayin yaxshilangan.

Tahlilchining aytishicha, Ukraina jamiyatida saylovlar zarur, ammo ular urushning faol bosqichi tugaganidan keyin o‘tkazilishi kerak, degan “chuqur ildiz otgan qarash” mavjud. 

Eslatib o‘tamiz, Fedorov shu oyda mudofaa vaziri lavozimidan ozod etilgandi va bu qaror Ukrainada urush davridagi kamsonli norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgandi.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy unga boshqa lavozimlarni taklif qilgan, ammo Fedorov avvalgi vazifasidan boshqa hech qanday davlat lavozimini qabul qilmasligini bildirgan.

Shuningdek, Italiya Mudofaa vaziri Guido Krozetto ham Fedorovga o‘zining maslahatchisi sifatida ishlashni taklif qilgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing