Zelenskiy Fedorovga yangi rahbarlik lavozimini taklif qildi
Olam
−
22 iyul 4783 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy sobiq Mudofaa vaziri Mixaylo Fedorovga mamlakatning texnologik salohiyatini birlashtirish va uni yanada rivojlantirish imkonini beradigan rahbarlik lavozimini taklif qildi. Bu haqda Prezident kecha, 21 iyul kuni e’lon qilingan kechki murojaatida ma’lum qildi.
“Bugun men Mixaylo Fedorov bilan ham uchrashdim. Unga mamlakatimizning texnologik salohiyatini birlashtirish va uning keyingi rivojlanishini ta’minlash imkonini beradigan munosib rahbarlik lavozimini taklif qildim”, degan Zelenskiy.
Prezidentning aytishicha, Mudofaa vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yevgeniy Xmaraning xavfsizlik sohasidagi tajribasi, jangovar yutuqlari, texnologik natijalari hamda Alpha bo‘linmasining uzoq masofali zarba berish amaliyotlari davlat boshqaruvi tizimida aynan zarur bo‘lgan salohiyatni namoyon etmoqda.
Shuningdek, Zelenskiy barcha ukrainaliklarning maqsadi bitta ekanini ta’kidlagan.
“Barchamizning istagimiz bitta – dushman ustidan g‘alaba qozonish va frontda hamda Rossiyaga bosim o‘tkazish orqali uni tinchlikka majbur qiladigan sharoitni yaratish. Ertaga ushbu qarorlarning barchasini rasmiylashtiramiz. Ukraina bu vaziyatdan yanada kuchliroq chiqishi kerak, Rossiya uchun esa vaziyat yanada murakkablashadi”, deya qo‘shimcha qilgan u.
Mixaylo Fedorovning iste’fosi Ukraina bo‘ylab norozilik namoyishlariga sabab bo‘lgan.
Hozircha Zelenskiy Fedorovga aynan qaysi lavozim taklif qilinganiga aniqlik kiritmagan. Biroq Oliy Rada deputati Yaroslav Jeleznyakning ma’lum qilishicha, u harbiy texnologiyalar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari yoki Prezidentning ushbu yo‘nalishdagi maslahatchisi bo‘lishi mumkin. Deputatning qayd etishicha, Fedorov bu taklifga hali rozilik bermagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Zelenskiy Bosh vazir Yuliya Sviridenkoni bir yil ishlaganidan so‘ng lavozimidan ozod qilgandi. Shuningdek, u davlatning energetika kompaniyasi rahbarini Bosh vazir lavozimiga tavsiya qilgan. Bundan tashqari, Zelenskiy urushning hal qiluvchi bosqichida Mudofaa vaziri Mixaylo Federovni ham ishdan olgan. Shu bilan birga Zelenskiy mamlakat Qurolli kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyni lavozimidan ozod etib, uning o‘rniga general-mayor Mixaylo Drapatiyni tayinlagan.
Live
Barchasi