Sobiq kansler ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Olam
−
24 fevral
5522Avstriyaning sobiq kansleri va Avstriya xalq partiyasining sobiq raisi Sebastyan Kurs yolg‘on guvohlik bergani uchun sakkiz oylik sinov muddatiga hukm qilindi. Bu haqda Kursning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida xabar qildi.
2017-2021 yillarda Avstriya hukumatini boshqargan Kurs ustidan sud jarayoni 2023 yil 18 oktyabrda boshlangan. Iqtisodiy jinoyatlar va korrupsiyaga qarshi kurash prokuraturasi uni ÖBAG davlat investitsiya xoldingi rahbarini tayinlash holati yuzasidan parlament tekshiruvi chog‘ida yolg‘on ko‘rsatma berganlikda gumon qildi. Kursning ta’kidlashicha, u xolding rahbariyatini tanlash jarayoniga ta’sir o‘tkazmagan. Sobiq kansler ayblovlarni yolg‘on deb atab, haqiqat oshkor bo‘lishini intiqlik bilan kutayotganini hamda bu ish yuzasidan shikoyat qilishini aytgan.
"Men bu adolatsiz ayblov bo‘yicha sud qarori ustidan shikoyat qilaman. Mening to‘rt yil avval parlamentda yolg‘on gapirgan-gapirmaganim haqidagi sud jarayoni siyosiy raqiblarim tomonidan berilgan shikoyatga asoslangan. Men hali ham bu jirkanch ishni qilmaganligimni ta’kidlayman va ikkinchi instansiyada oqlanishimga ishonchim komil”, deb yozgan siyosatchi o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Parij apellyatsiya sudi Fransiyaning sobiq prezidenti Nikolya Sarkozining 2012 yildagi saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirgani uchun berilgan jazoni olti oylik qamoq jazosiga o‘zgartirgan edi.
LiveBarchasi