5 davlat migrantlarni Yevropadan chiqarib yubormoqchi
Olam
−
18:00 2536 2 daqiqa
Germaniya, Daniya, Avstriya, Gretsiya va Niderlandiya Yevropa Ittifoqida qonuniy yashash huquqiga ega bo‘lmagan migrantlarni YeIdan tashqaridagi davlatlarga qaytarish bo‘yicha kelishuvni joriy yil oxirigacha imzolashni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, mazkur besh davlat kecha, 4 sentyabr kuni Daniyada o‘tkazilgan uchrashuvda YeIga a’zo bo‘lmagan davlat bilan migrantlarni qaytarish markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishish uchun aniq qadamlarni kelishib olgan.
Davlatlar “Beshlik guruhi” sifatida harakat qilmoqda. Ular migrantlarni qaytarish markazlarini qabul qiladigan davlatlarni hozircha ochiqlamagan.
Germaniya Ichki ishlar vaziri Aleksandr Dobrington Kopengagendagi matbuot anjumanida uchinchi davlatlar bilan joriy yil yakunigacha kelishuvga erishish va migrantlarni qaytarish markazlarini tashkil etish imkonini beruvchi shartnoma tuzish maqsad qilinganini aytdi. Guruh keyingi uchrashuvini sentyabr oxirida Germaniyaning Myunxen shahrida o‘tkazishni rejalashtirgan.
Bu reja inson huquqlari tashkilotlarining xavotiriga sabab bo‘lmoqda. Yevropa Kengashi iyul oyida migrantlarni qaytarish markazlari inson huquqlari uchun “sezilarli xavflar” tug‘dirishi mumkinligini bildirgan.
Daniya Qochqinlar Kengashi bosh kotibi Sharlotta Slente esa Yevropa Ittifoqining Migratsiya va boshpana to‘g‘risidagi paktini amalga oshirish yaxshiroq yo‘l ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaytarish markazlari migrantlarning yanada xavfli yo‘llardan foydalanishini to‘xtatmaydi va inson huquqlarining asosiy tamoyillarini buzishi mumkin.
Daniya migrantlarni bunday qaytarish markaziga yuborishni 2027 yil oxiriga qadar boshlashga tayyor bo‘lishini bildirgan.
Shuningdek, besh davlat keyingi qadamlar bo‘yicha BMTning Xalqaro migratsiya tashkiloti va Qochqinlar bo‘yicha oliy komissariati bilan muloqot olib borishini ma’lum qilgan. Biroq BMT Qochqinlar bo‘yicha oliy komissarligi hozircha reja tafsilotlari bilan tanishtirilmaganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ispaniyaning Shimoliy Afrikadagi Seuta anklaviga bostirib kirgan yuzlab migrantlar shahardagi plyajlardan birida norozilik namoyishi o‘tkazgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi