Sobiq futbolchi Gruziyaning yangi prezidenti bo‘ldi

Olam

image

Bugun, 14 dekabr kuni Gruziyadagi saylovchilar kollegiyasi sobiq futbolchi va deputat Mixail Kavelashvilini mamlakatning yangi prezidenti etib sayladi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.

Qayd etilishicha, uning nomzodi hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan ilgari surilgan yagona nomzod bo‘lgan. Kavelashvili 224 saylovchining ovozini olgan, bitta byulleten haqiqiy emas deb topilgan. Kavelashvili saylanish uchun kengashning 300 nafar a’zosidan kamida 200 ovoz to‘plashi kerak edi.

Ma’lumot uchun, 53 yoshli Mixail Kavelashvili futbol bo‘yicha Rossiya chempioni va olti karra Gruziya chempioni (Tbilisining “Dinamo” jamoasida o‘ynagan). 2016 yildan Kavelashvili “Gruziya orzusi” partiyasidan parlament deputati etib saylangan, 2022 yilda esa hukmron partiyadan ajralib chiqqan “Xalq kuchi” partiyasini boshqargan. Kavelashvili va uning sheriklari “Gruziya orzusi” ro‘yxatida parlamentning yangi chaqiruviga kirishdi. Kavelashvili o‘zining G‘arbga qarshi ritorikasi bilan tanilgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 26 oktyabr kuni Gruziyada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgandi. Unda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi ko‘pchilik ovozga ega bo‘ldi. Muxolifat natijalar bo‘yicha norozilik bildirgan va ularni soxtalashtirilgan deb hisoblagandi. Shuningdek, Gruziyaning amaldagi Prezidenti Salome Zurabishvili rasmiy saylov natijalarini tan olmasligini va vakolat muddati tugashiga qaramay, o‘z lavozimini tark etmasligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Gruziya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing