Maktab bozori qanchaga tushadi?
Jamiyat
−
20 avgust
7564Maktab mavsumi boshlangani sabab barcha ota-onalarni bir xil – farzandimga o‘quv qurollari va maktab formasi olib berishim kerak, degan tashvish o‘ylantirmoqda. Xo‘sh, asli bozorlarda narxlar qanday? Odamlarning olayotgan oyligi bolalarining maktab bozoriga yetyaptimi? QALAMPIR.UZ shunday savollar bilan bozorga kelgan ota-onalarga yuzlandi.
Respondentlarning ko‘pchiligi bozorlardagi narx-navo maoshlarga nisbatan ancha baland, deb hisoblaydi.
“Singlim bilan keldik. U o‘zi 1 mln 500 ming so‘m oylik oladi. Lekin bitta bola uchun maktab bozorining o‘ziga allaqachon 1 mln 800 ming so‘m ishlatdi. Hali yana bitta bolasi bor”, deydi so‘rovnoma ishtirokchilaridan biri.
Boshqa bir respondent esa uzoq yo‘l bosib arzonroq bo‘lgani uchun shu bozorga kelganini, ammo bu yerda ham narxlar baland ekanligini ko‘rib, hafsalasi pir bo‘lganini aytdi.
“Oyliklar, pensiyalar kam. Hamma narsadan qisib-qisib, qarz olib qilsangiz, yetadi. Keyin qarzlarni uzasiz”, deb fikr bildirdi boshqa bir ishtirokchi.
Yana bir respondent narxlar arzon deyilgani bilan, agar faqat bitta o‘zini sotib olsangiz, 1000 so‘mlik daftarni 3000 so‘mga sotishayotganidan shikoyat qildi.
Shuningdek, so‘rovnomada ishtirok etgan fuqarolar orasida olayotgan maoshlar yetarli, narxlar ham ancha arzon, deb hisoblaydiganlar ham bor. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bitta bolaning maktab o‘quv qurollari uchun o‘rtacha 200-300 ming so‘m sarflanadi. Maktab formasining o‘zi ham bir million so‘mdan oshmoqda.
“Mening qizim katta sinfda o‘qiydi. 3 mln so‘m sarfladik. Lekin 3 mln oylik olmayman. Kiyimlar nihoyatda qimmat”, deydi respondentlardan biri.
Shuningdek, QALAMPIR.UZ bitta bola uchun olinishi kerak bo‘lgan o‘quv qurollarini eng minimal narxda hisoblatdi. Natijalarga ko‘ra, barcha eng kerakli mahsulotlarni olish uchun kamida 150 ming so‘m kerak bo‘lishi aniqlandi. Ammo hamma joyda narx-navo har xil ekanligini ham inobatga olish zarur.
Siz-chi? Farzandlaringizning maktab bozori uchun qancha xarajat qildingiz? Sizning hududingizda narx-navo qanday? Izohlarda yozib qoldiring. QALAMPIR.UZ’ni kuzatishda davom eting.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr