Sloveniyada Isroil elchixonasi ochildi: norozi xalq bosh ko‘tardi (video)
Olam
−
18:50 426 2 daqiqa
Kecha, 9 sentyabr kuni Sloveniya poytaxti Lyublyanada Isroilning mamlakatdagi ilk elchixonasi ochildi. Bunga qarshi minglab odamlar norozilik namoyishiga chiqdi. Bu haqda “Al Jazeera” xabar berdi.
https://t.me/qalampirlive/148921Qayd etilishicha, namoyishchilar elchixona ochilishi o‘tkazilgan mehmonxona yonidan yurib o‘tib, “Biz tinchlik va Falastin uchun birgamiz” hamda “Genotsid o‘zini himoya qilish emas” kabi yozuvlar tushirilgan bannerlarni ko‘targan. Sloveniyalik 48 yoshli san’atshunos Urska Breznik Yansa hukumatini “hamkorlik” hukumati deb atagan. Yana bir namoyishchi Melina Saxernik esa bu holat Sloveniya uchun juda yomon ko‘rinishini aytgan.
“Delo” gazetasi iyun oyida o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra, sloveniyaliklarning 56 foizi Isroil bilan yaqinroq aloqalar o‘rnatishga qarshi bo‘lgan, 14 foizi esa bunday munosabatlarni qo‘llab-quvvatlagan.
Sloveniyalik siyosiy tahlilchi Andraz Zorkoning aytishicha, hukumatning Isroilga nisbatan siyosatidagi o‘zgarish mamlakatdagi jamoatchilik kayfiyatiga mos kelmaydi. Uning fikricha, aholining aksariyati Isroilga qarshi yoki betaraf pozitsiyada.

Shuningdek, sobiq bosh vazir Robert Golob boshchiligidagi liberal “Ozodlik harakati” partiyasi “So‘l” partiyasi bilan birgalikda Yanes Yansaga impichment e’lon qilish taklifini parlamentga kiritdi. Ular bosh vazirning tashqi siyosati faqat Isroil manfaatlariga xizmat qilayotganini ta’kidlagan.
Partiya, shuningdek, Tashqi ishlar vaziri Tone Kayzerni lavozimidan chetlatishni ham talab qilgan. Ular elchixona ochilishini Isroilning mart oyidagi saylovlar vaqtida Yansani qo‘llab-quvvatlagani evaziga “yaxshilikni qaytarish” sifatida baholagan.

Golob hukumati davrida Sloveniya Falastin davlatini tan olgan, Isroilga qurol-yarog‘ eksportiga embargo joriy qilgan, bosib olingan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy Isroil aholi punktlaridan importni taqiqlagan va Isroilning Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu kabi yuqori martabali amaldorlarining mamlakatga kirishini cheklagan.
Elchixona ochilish marosimida Sloveniya Tashqi ishlar vaziri Tone Kayzer bu voqea “yanada katta muloqot, kuchliroq hamkorlik va, eng muhimi, xalqlar manfaatlari yo‘lida aniqroq natijalar” davrining boshlanishi bo‘lishi kerakligini aytgan.
Marosimda ishtirok etish uchun Sloveniyaga borgan Isroil Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa bu kunni “tarixiy kun” deb atagan. U Sloveniya hukumati va Yansaga Isroilga nisbatan do‘stona munosabati uchun minnatdorlik bildirgan.

Elchixona ochilishi Buyuk Britaniya bosib olingan G‘arbiy Sohildagi noqonuniy Isroil aholi punktlari bilan savdoni taqiqlaganidan bir kun o‘tib amalga oshirilgan. Fransiya va Kanada ham shunga o‘xshash choralar ko‘rishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Buyuk Britaniyaning Sharqiy Quddusdagi konsulligini 30 kun ichida yopishni va undagi diplomatlarning akkreditatsiyasini bekor qilishni buyurgan edi.
Live
Barchasi