Sloveniya Isroilga qurol embargosini joriy qildi

Olam

image

Sloveniya Isroil bilan qurol savdosini butunlay taqiqlagan birinchi Yevropa Ittifoqi davlatiga aylandi. Bu haqda mamlakat hukumati xabar berdi.

Sloveniya rasmiylari bu qarorni G‘azo sektori aholisi muntazam ravishda insonparvarlik yordamidan foydalana olmasligi va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari mojaro bo‘yicha yagona pozitsiyaga ega emasligi bilan izohladi. Sloveniya hukumati 1 avgust kuni aniqlik kiritishicha, mintaqada harbiy harakatlar boshlangan 2023 yilning oktyabr oyidan beri Isroilga qurol yetkazib berish uchun ruxsatnoma bermagan.

Isroilga qurol eksporti, importi va tranzitini taqiqlashni o‘z ichiga olgan embargo, hukumat yig‘ilishidan keyin Bosh vazir Robert Golob tomonidan e’lon qilindi.

“Sloveniya Isroilga va Isroildan qurol olib kirish, eksport qilish va tranzitini taqiqlagan birinchi Yevropa davlatiga aylandi”, deyiladi bayonotda.

Hujjatda ta’kidlanishicha, bu qaror “insonparvarlik yordamini tizimli ravishda rad etish” va G‘azo tinch aholisining ommaviy qurbonlari fonida qabul qilingan. Sloveniya hukumati Yevropa Ittifoqi “ichki kelishmovchiliklar tufayli aniq choralar ko‘ra olmasligini” ta’kidladi va shuning uchun Lyublyana mustaqil harakat qilayotganini bildirdi.

Isroil hukumati vakilining mahalliy “Ynet” nashriga aytishicha, Sloveniya hukumatining qarori ommaviy axborot vositalari uchun qabul qilingan va “umuman ahamiyati yo‘q”, chunki davlatlar baribir bir-biridan harbiy texnika sotib olmaydi.

Bu Sloveniya hukumatining Tel-Avivga nisbatan birinchi qattiq qarori emas: iyul oyi boshida Lyublyana ikki o‘ta o‘ngchi isroillik vazirni zo‘ravonlik va inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzganlikda ayblab, ularga kirishni taqiqladi. Ikkalasi ham persona non grata deb e’lon qilindi.

Sloveniyada yirik qurol ishlab chiqaruvchilar yo‘q. Mamlakat armiyasi asosan G‘arb rusumidagi harbiy texnika bilan jihozlangan. Bundan tashqari, 2022 yilning sentyabrida Sloveniya Isroildan 50 ta Spike LR2 tankga qarshi raketa tizimini sotib oldi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, u 2009 yildan beri xuddi shu qurolning boshqa modifikatsiyalaridan foydalanib keladi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning iyun oyida Sloveniya parlamenti Falastinni mustaqil davlat sifatida tan olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil EI Sloveniya qurol embargosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing