Slovakiya sobiq prezidenti firibgarlikda ayblanib, nafaqasidan mahrum bo‘ldi
Olam
−
15 noyabr
1769Slovakiya Prezidenti ma’muriyati sobiq prezident Andrey Kiskaga soliq firibgarligi bo‘yicha hukm chiqarilgani sababli unga nafaqa berishni to‘xtatdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Prezident ma’muriyatiga ko‘ra, to‘lovlarni to‘xtatish qarori joriy yilning 31 oktyabr kuni apellyatsiya sudi tomonidan tasdiqlangan quyi sud qaroriga asoslangan. Ushbu qarorda Kiska soliq firibgarligida aybdor deb topilgan va unga bir yil shartli qamoq jazosi tayinlangan.
Mazkur hukm yakuniy hisoblanadi, biroq o‘zini aybsiz deb hisoblayotgan Kiska mamlakat Oliy sudiga murojaat qilish imkoniyatidan foydalanishini va shu orqali o‘z nomini oqlashga harakat qilishini bildirgan.
“Pulga ehtiyojim yo‘q, ammo prinsip masalasi sifatida qarorni sudda hal qilaman”, dedi u.
Ma’lumot uchun, Kiska 2014 yilda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida o‘sha paytdagi bosh vazir Robert Fitsoni mag‘lubiyatga uchratib, Slovakiya prezidenti lavozimini besh yil muddatga egallagan. Prezidentlik asosan rasmiy vakolatlarga ega bo‘lsa-da, Kiska prezidentligi davrida Fitso bilan ziddiyatlarga boy bo‘lgan.
Kiska 2018 yilda siyosiy inqirozga sabab bo‘lgan voqealar davomida yirik ko‘cha namoyishlarini qo‘llab-quvvatlagan. Bu namoyishlar Fitso boshchiligidagi koalitsion hukumatning qulashiga olib kelgan.
G‘arb tarafdori sifatida tanilgan Kiska 2019 yilda ikkinchi muddatga prezidentlik saylovlarida qatnashmagan. Robert Fitso esa 2023 yilda bosh vazir sifatida uchinchi muddatga ish boshlagan.
Ma’lumot o‘rnida, Slovakiya prezidentlari lavozimdan ketgach, yiliga taxminan 50 ming dollar miqdorida nafaqa oladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Peruda sobiq prezident Alexandro Toledo Braziliyaning “Odebrecht” qurilish korporatsiyasidan pora olgani uchun 20 yil 6 oy qamoq jazosiga hukm qilingandi.
LiveBarchasi