Slovakiya Bosh vaziriga nega suiqasd uyushtirilgani aytildi
Olam
−
17 may
9866Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitsoga suiqasd uyushtirmoqchi bo‘lgan Yuray Sintula hech qanday radikal guruhga a’zo bo‘lmagani, ammo hukumatga qarshi namoyishlarda qatnashgani aniqlandi. Bu haqda mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbari Matush Shutay-Eshtok ma’lum qildi.
Shutay-Eshtokning so‘zlariga ko‘ra, Yuray Sintula siyosiy voqealarda faol ishtirok etgan.
Suiqasdga urinishga sabab Sintula Fitso hukumati faoliyatiga rozi bo‘lmagan. Unga Fitsoning Ukrainaga harbiy yordamni qisqartirish, hukumatning RTVS media kompaniyasi faoliyatiga aralashuvi, maxsus prokuror lavozimini tugatish yoki mamlakat sudyalar kengashi rahbarini lavozimidan ozod etish haqidagi kabi qarorlari yoqmagan.
Sintulaning o‘zi hujumni bir necha kundan beri rejalashtirganini tan olgan, biroq Fitsoni o‘ldirmoqchi emasligini da’vo qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 15 may kuni Slovakiya Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng Bosh vazir Robert Fitso tashqarida yig‘ilganlar oldiga chiqqanida, unga qarata o‘q uzilgandi. Shundan so‘ng, Fitso zudlik bilan shifoxonaga yotqizilgan. Xalqaro maydonda ushbu hujum qo‘rquv va g‘azab bilan qarshi olindi. Qator dunyo mamlakatlari yetakchilari ushbu holatga nisbatan o‘z reaksiyalarini bildirdi. Fitsoning o‘zi aprel oyida Facebook’dagi sahifasida slovakiyaliklarga videomurojaat qilib, respublika hukumat koalitsiyasiga kiruvchi partiyalarning yetakchi siyosatchilaridan biriga suiqasd uyushtirish xavfi borligini aytgandi.
LiveBarchasi