YeI Alisher Usmonov masalasida kelisha olmayapti – OAV
Olam
−
17:25 267 2 daqiqa
Fransiya va Slovakiyaning rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish talabi sabab tashkilot Rossiyaga qarshi cheklovlarni odatdagi muddatga emas, atigi bir haftaga uzaytirishga kelishdi. Bu haqda diplomatik manbalarga tayanib, RBK xabar berdi.
Qayd etilishicha, YeI davlatlari elchilari Rossiyaga qarshi amaldagi sanksiyalarni joriy yilning 22 sentyabr yarim tungacha uzaytirishga kelishgan. Cheklovlar 15 sentyabr kuni yakunlanishi kerak edi. Bir haftalik muddat a’zo davlatlarga mavjud kelishmovchiliklarni bartaraf etish va sanksiyalarni uzaytirish bo‘yicha qo‘shimcha muzokaralar o‘tkazish imkonini beradi.
Kelishmovchiliklarning asosiy masalalaridan biri Alisher Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarish bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Fransiya bu borada uzoq vaqtdan beri shunday talab bilan chiqib kelayotgan Slovakiyaga qo‘shilgan. Parij o‘z pozitsiyasini milliy xavfsizlik masalalari bilan izohlagan.
Fransiyalik diplomatik manba “Reuters”ga mamlakat Usmonov masalasida murojaat qilgan xalqaro hamkorlariga ijobiy javob berish niyatida ekanini bildirgan. EUobserver esa bunday davlatlar qatorida Ozarbayjon, Turkiya va O‘zbekiston bo‘lishi mumkinligini yozgan.
Shuningdek, Xorvatiya va Italiya ham Usmonovni YeI sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni qo‘llab-quvvatlagani xabar qilingan. Mart oyidagi muzokaralarda esa Vengriya ham milliarderga nisbatan cheklovlarni bekor qilishni talab qilgan.
YeI Usmonovga qarshi sanksiyalarni 2022 yilda joriy qilgan. Milliarder cheklovlarni bekor qilish uchun Yevropa sudlariga bir necha bor murojaat qilgan, biroq bu urinishlar natija bermagan. Unga nisbatan AQSH va Buyuk Britaniyada ham sanksiyalar amal qiladi.
Mart oyida YeI Rossiyaga qarshi shaxsiy sanksiyalarni 15 sentyabrgacha uzaytirgan edi. O‘shanda cheklovlar qariyb 2,6 ming jismoniy va yuridik shaxsni qamrab olgani ma’lum qilingan.
Rossiya esa G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanksiyalarni noqonuniy deb hisoblaydi. Kreml Rossiya iqtisodiyoti ko‘plab cheklovlar sharoitida faoliyat yuritishda davom etayotgani va ularga nisbatan ma’lum darajada “immunitet” shakllanganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fransiya Slovakiya bilan birga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qilib, bu qaror boshqa a’zo davlatlarning keskin noroziligiga sabab bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi