Fransiya Alisher Usmonovni YeI sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni so‘radi

Olam

image

Fransiya Slovakiya bilan birga rossiyalik milliarder Alisher Usmonovni Yevropa Ittifoqining sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni taklif qildi va bu qaror boshqa a’zo davlatlarning keskin noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda “Euronews” xabar berdi

Qayd etilishicha, Slovakiya uzoq vaqtdan beri Alisher Usmonov va yana bir rossiyalik milliarder Mixail Fridman nomini Yevropa Ittifoqining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi hamda harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq shaxslarga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilib kelmoqda.

Endilikda Bratislavaga Fransiya ham qo‘shilgan. Parij 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishidan so‘ng Yevropa Ittifoqi sanksiyalariga tushgan Usmonovni ro‘yxatdan chiqarishni yoqlagan.

O‘zbekistonda tug‘ilgan Alisher Usmonov Rossiya fuqaroligiga ega milliarder bo‘lib, boyligini metallurgiya, konchilik, telekommunikatsiya va texnologiyalar sohalaridagi investitsiyalar orqali orttirgan. U Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga yaqin biznesmenlardan biri sifatida qaraladi.

Diplomatlarning so‘zlariga ko‘ra, Fransiyaning bu pozitsiyasi Yevropa Ittifoqining boshqa davlatlarida “kuchli norozilik” uyg‘otgan. Ayrim diplomatlar Fransiyaning qarorida iqtisodiy manfaatlar muhim rol o‘ynayotgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

Ayni paytda Yevropa Ittifoqining sanksiyalar rejimi Rossiyaning harbiy-sanoat majmuasi va uning Ukrainaga qarshi urushdagi hissasi bilan bog‘liq 3 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxsni qamrab oladi.

Mazkur sanksiyalarni joriy yilning 15 sentyabr kuni uzaytirish rejalashtirilgan. Hozirda a’zo davlatlar sanksiyalarni yana 6 oyga emas, 12 oyga uzaytirish masalasini ham muhokama qilmoqda.

Slovakiya Yevropa Ittifoqi elchilari yig‘ilishlarida Usmonov va Fridmanning sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilishini, shuningdek, sanksiyalar amal qilish muddatini 6 oy saqlab qolishni talab qilgan.

Yevropa Ittifoqi sanksiyalarini uzaytirish uchun barcha a’zo davlatlarning bir ovozdan roziligi talab etiladi. Shu sababli Slovakiyaning talablari kelishuv jarayonini murakkablashtirgan. Fransiyaning Usmonovni chiqarishni qo‘llab-quvvatlashi esa muzokaralarni yanada qiyinlashtirishi mumkin.

Ma’lum qilinishicha, Parij Usmonovni sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni siyosiy murosa sifatida ilgari surgan. Fransiya shu orqali Slovakiyaning ikkala talabini ham bu safar bloklamasligiga umid qilmoqda.

Yevropa Ittifoqi elchilari sanksiyalarni uzaytirish masalasini yaqin kunlarda yana muhokama qiladi. Tomonlar 15 sentyabrgacha siyosiy kelishuvga erishishi kerak.

Fransiyaning Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakili Parij sanksiyalarni uzaytirish tarafdori ekanini bildirgan, biroq muzokaralar maxfiyligi sababli muhokamalarning borishi yuzasidan izoh berishdan bosh tortgan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yil fevralida Vengriya ham Alisher Usmonov va uning singlisi Gulbahor Ismoilovani o‘z ichiga olgan sakkiz nafar rossiyalikni Yevropa Ittifoqi sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarishni talab qilgan edi. Budapesht o‘z talablari bajarilmasa, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni uzaytirishga veto qo‘yish bilan tahdid qilgan edi. x


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing