“Skver”dagi namoyishda 12 kishi hibsga olindi – IIBB miting tafsilotlarini ochiqladi
3-sahifa
−
28 mart 2021
39286Avvalroq, Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida mamlakatda besoqolbozlik – LGBTga ruxsat berishga qarshi namoyish o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy ma’lumot berdi va uning tafsilotlarini ochiqladi.
Unga ko‘ra, bugun, 28 mart kuni taxminan soat 15:00-15:15 larda Yunusobod tumanidagi Amir Temur xiyoboni oldida 3-4 nafar fuqarolar T.S. ismli yigit va B.R. ismli qizni LGBT faollari deb gumonlab, ularni urishga harakat qilgan. Ushbu fuqarolarga 20-25 nafar boshqa shaxslar qo‘shilib, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, bezorilik harakatlarini sodir etishgan.
Voqea joyida xizmat qilayotgan Toshkent shahar IIBB va Milliy gvardiya xodimlarining aralashuvi bilan T.S. va B.R. himoya qilinib, ularga tan jarohati yetkazilishiga yo‘l qo‘yilmagan.
"Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining hamkorlikdagi chora-tadbirlari natijasida nizoning ommalashib ketishining, shuningdek boshqa og‘irroq oqibatlarning oldi olindi hamda hech kimga shikast yetmadi", deyiladi xabarda.
Janjalni boshlagan va faol ishtirokchisi bo‘lgan fuqarolarning 12 nafari ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi (“Bezorilik”) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Aniqlanishicha, mazkur janjalda diniy mazmundagi nizo bo‘lmagan, deya qo‘shimcha qilgan IIBB.
LiveBarchasi