Sizni “idora”ga chaqirishdimi, chaqiruv qog‘ozi talab qiling!
Jamiyat
−
09 dekabr 2019
19893Yaqinda bizga bir fuqaro murojaat qildi. Huquqni muhofaza qiluvchi organdan unga qo‘ng‘iroq bo‘lgan va ularning tashkilotiga tezda yetib borishi so‘ralgan. Yashaydigan tumanida sodir etilgan jinoyat ishi yuzasidan uni guvoh sifatida so‘roq qilishgan va soatlab ushlab turishgan. Keyin unga ketishi mumkinligini aytishgan. Fuqaroga qo‘ldan kelgancha huquqlarini tushuntirdik.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksida so‘roq qilish bo‘yicha umumiy qoidalar belgilangan. Bunday holda sizga qo‘ng‘iroq bo‘ldimi, albatta, ulardan chaqiruv qog‘ozi talab qiling. Chaqiruv qog‘ozi pochta orqali jo‘natiladi yoki chopar (kodeksda shunday yozilgan) orqali topshiriladi. Chaqiruv telefonogramma, telegramma, radiogramma bilan yoki telefaks orqali ham bo‘lishi mumkin.
Chaqiruv qog‘ozida shaxs kim sifatida (guvoh, gumonlanuvchi yoki boshqalar), qaysi manzilga va kimning huzuriga chaqirilayotganligi, qaysi kunda va qaysi soatga kelishi kerakligi, shuningdek uzrsiz sabablarga ko‘ra kelmay qolgan taqdirda qanday oqibatlar ro‘y berishi ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim.
Chaqiruv qog‘ozi chaqiriluvchiga topshirilib, undan tanishganligi to‘g‘risida tilxat olinadi. Agar u manzilida vaqtincha yo‘q bo‘lsa, chaqiriluvchi bilan birga yashovchi voyaga yetgan oila a’zolaridan biriga, yotoqxona ma’muriyatiga, uy egasi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi vakiliga topshirilib, tilxat olinadi.
U yerga borganingizda, ular sizning shaxsingizni, ya’ni chaqirtirilgan inson aynan siz yoki siz emasligingizni bilish uchun bir nechta shaxsingizga oid savollar berishi mumkin. Agar siz yuritilayotgan ish tilini bilmasangiz tarjimon so‘rashga va u kelguncha sukut saqlash huquqiga egasiz.
Ular sizning shaxsingizni aniqlashganidan so‘ng, ishga kim sifatida chaqirilgan bo‘lsangiz qonun bo‘yicha huquq va majburiyatlaringizni tushuntirishi kerak. Bu huquq va majburiyatlar tushuntirilganligi so‘roq bayonnomasi yoki sud majlisi bayonnomasida qayd etiladi.
O‘rganilayotgan ishning sizga ma’lum bo‘lgan holatlarini aytganingizdan keyin ular sizga ko‘rsatuvlaringizni to‘ldirish va aniqlashtirishga qaratilgan savollar berishi mumkin. Kutilayotgan javobga bevosita yoki bilvosita yo‘naltirish mazmunidagi savollar ishora qiluvchi savollar deb hisoblanadi. Ishora qiluvchi savollar berish taqiqlanadi.
So‘roq jarayonida surishtiruvchi, tergovchi va sud, shuningdek sud muhokamasida taraflar ishga qo‘shib qo‘yilgan yoki taraflar ixtiyorida bo‘lgan narsalar va hujjatlarni so‘roq qilinuvchiga ko‘rsatishlari, shuningdek bu hujjatlarni o‘qib eshittirishlari mumkin.
So‘roq bayonnomasida yoki sud majlisi bayonnomasida qaysi narsa yoki hujjat ko‘rsatilganligi, hujjat matnining qaysi qismi va uning kim tomonidan o‘qib eshittirilganligi, narsa yoki hujjatni ko‘rsatish vaqtida qanday savollar berilganligi va bunga javoban so‘roq qilinuvchi qanday ko‘rsatuvlar berganligi aniq aks ettirilishi kerak.
So‘roq jarayonida natijalarni bayonnomaga qayd etishdan tashqari, ovozni yozib olish, videoyozuv va kinotasvirga olish ham qo‘llanilishi mumkin. Ko‘rsatuvlar bayonnomaga birinchi shaxs nomidan, imkon boricha so‘zma-so‘z yozib boriladi. Savol-javob so‘roq jarayonida qanday olib borilgan bo‘lsa, shunday izchillikda qayd qilinadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi tomonidan chetlatilgan, shuningdek so‘roq qilinuvchi javob berishdan bosh tortgan savollar ham bayonnomaga kiritilishi kerak.
So‘roq tugagach, bayonnoma bilan tanishishingiz mumkin yoki iltimosingizga ko‘ra, surishtiruvchi, tergovchi tomonidan sizga o‘qib beriladi. So‘roq qilinuvchi bayonnomani o‘qib bo‘lgach, ko‘rsatuvlari to‘g‘ri yozilganligi va u bilan tanishganligini imzo chekib, tasdiqlaydi. Imzo bayonnomaning oxiriga qo‘yiladi, basharti ko‘rsatuvlar bir necha sahifaga yozilgan bo‘lsa, har qaysi sahifaga alohida imzo chekiladi.
So‘roqning umumiy davom etish vaqti bir kunda sakkiz soatdan oshmasligi lozim. Dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan bir soat tanaffus bu hisobga kirmaydi.
LiveBarchasi