Xoniyaning o‘limida gumon qilinganlar hibsga olindi
Olam
−
03 avgust
9696Eron poytaxti Tehronda HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Xoniyaning o‘ldirilishida gumon qilinayotgan 20 kishi hibsga olindi. Bu haqda Eronning ikki nafar mulozimiga tayanib, “The New York Times” yozmoqda.
“Eron HAMAS yetakchisining o‘ldirilishiga olib kelgan muhim xavfsizlik buzilishiga javoban yigirmadan ortiq shaxsni, jumladan yuqori martabali razvedka zobitlari, harbiy amaldorlar va Tehrondagi harbiylar tomonidan boshqariladigan mehmonxona xodimlarini hibsga oldi”, deyiladi nashr xabarida.
Tergov hujjatlari bilan tanish bo‘lgan ikki nafar eronlik rasmiyga ko‘ra, hibsga olinganlarga keng ko‘lamli va chuqurlashtirilgan tergov ishlari boshlangan.
Xoniya va uning qo‘riqchilaridan biri Tehrondagi qarorgohga qilingan hujumdan so‘ng halok bo‘lgandi. Bir nechta OAVda uning raketa hujumi uyushtirilishi ortidan vafot etgani yozilgan edi. Keyinroq, Xoniya Eron poytaxtidagi o‘zi istiqomat qilayotgan mehmonxonaga yashirincha olib kelingan hamda o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushishi oqibatida halok bo‘lgani ma’lum bo‘ldi. Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy HAMAS harakati siyosiy byurosi rahbari Tehronda o‘ldirilgani uchun Isroil qattiq jazoga tortilishini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Oq uy rahbari Jo Bayden ma’muriyati Eron HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Xoniyaning Tehronda o‘ldirilishi tufayli o‘ch olish uchun Isroilga hujum qilmoqchi ekanligiga ishonchi komilligi va ehtimoliy urushga tayyorlanayotgani haqida xabar berilgandi.
LiveBarchasi