“Sijjak” dam olish zonasi Triatlon federatsiyasiga tekinga beriladi
Jamiyat
−
24 iyul 2019
6418Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Sijjak” dam olish zonasini bepul asosda O‘zbekiston Triatlon federatsiyasiga berish rejalashtirilyapti. Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida joylashtirilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida shular nazarda tutilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tayyorlangan qaror loyihasida dam olish zonasida triatlon bo‘yicha milliy terma jamoa shug‘ullanishi uchun federatsiyaning mashg‘ulot bazasini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Baza hududida Toshkent viloyati byudjeti hisobidan tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, suv, elektr, gaz ta’minoti va avtomobil yo‘llari qurish, shuningdek, Respublika yo‘l jamg‘armasi hisobidan velosport bilan shuhullanish uchun yo‘llar qurish ko‘zda tutilgan.
Moliya vazirligi esa har yili bino va bazani qo‘riqlash bo‘yicha Milliy gvardiyaga to‘lanadigan hamda bazani mazut va elektr energiya bilan uzluksiz ta’minlash va barcha turdagi kommunal to‘lovlar uchun federatsiyaga mablag‘ ajratib boradi.
Loyihada ta’kidlanishicha, dam olish zonasi hududida sport inshooti, mehmonxona, uchta hovuz, amfiteatr, kottej va boshqa binolar quriladi.
Hujjatda ko‘rsatilishicha, mazkur mulk Jinoyat ishlari bo‘yichap Toshkent viloyati sudi qarori bilan 2017 yil 10 fevraldagi ish doirasida cheklov qo‘yilgan. Agar sud o‘z qarorini o‘zgartirsa yoki bekor qilsa, federatsiya mulkni egasiga qaytarishi yoki badal to‘lab berishi kerak bo‘ladi. Ammo hujjatda uning egasi ko‘rsatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Triatlon federatsiyasiga joriy yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyovning kenja kuyovi, Prezident xavfsizlik xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov rahbar bo‘lgandi.
LiveBarchasi