Sizdan ugina, bizdan bugina. Germaniya Lufthansa`ning qulashiga yo‘l qo‘ymaydi
Olam
−
26 may 2020
6059Germaniya hukumati Yevropaning eng katta aviakompaniyasi Lufthansa`ni koronavirus pandemiyasi sabab ko‘rgan zararini qoplash uchun 9 mlrd yevro ajratishini ma’lum qildi. Ammmo bu pullar shunchaki berilmaydi.
Tomonlar o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra, davlat yordam evaziga kompaniyaning 20 foiz aksiyasi va nazorat kengashida ikki o‘rinni qo‘lga kiritadi.
“O‘ylashimcha, bu juda muhim va o‘z vaqtida ko‘rsatilayotgan yordam. Biz ham davlatga, ham o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holda inqirozga uchrayotgan kompaniyaga foyda keltiruvchi kelishuv ustida ishladik”, degan Bavariya hukumati rahbari Markus Zyoder.
Lufthansa boshqa avaitashuvchilar singari chegaralar yopilishi va karantin choralari o‘rnatilishidan jiddiy zarar ko‘rdi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, samolyotning yerda turishi sutkasiga 24 mln yevroga tushadi. COVID-19 pandemiyasi sabab so‘nggi oylarda 95 foiz reyslar bekor qilindi. Biroq iyun oyidan Lufthansa parvozlar sonini oshirib, haftasiga 1,8 ming reys amalga oshirishni rejalashtiryapti.
Avvalroq, Lufthansa kompaniyasining bir necha haftaga yetarli mablag‘i qolgani xabar qilingandi. O‘shanda Germaniya, Avstriya, Belgiya va Shveysariya rasmiylaridan yordam so‘rab murojaat qilgan nemis kompaniyasi ushbu yilning ikkinchi choragida “operatsion yo‘qotishlar sezilarli darajada oshishini” kutayotganini ma’lum qilgan.
LiveBarchasi