“Siti” 18 yoshli futbolchi uchun 100 mln to‘laydi
Sport
−
10:00 658 1 daqiqa
Angliyaning “Manchester Siti” jamoasi yozgi transfer oynasida Rodri bilan xayrlashgandan so‘ng uning o‘rnini 18 yoshli futbolchi bilan to‘ldirmoqchi. Bu haqda “RMC Sport” nashri xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, Angliya grandi “Lill” yarim himoyachisi Ayub Buxaddini o‘z safiga qo‘shib olishni rejalashtirmoqda. Tomonlar umumiy qiymati 100 million yevro bo‘lgan transfer bo‘yicha kelishuvga erishgan. Unga ko‘ra, “Lill” 95 million yevro kafolatlangan to‘lov va yana 5 million yevro bonus oladi.
Agar kelishuv amalga oshsa, bu “Lill” tarixidagi eng qimmat transfer bo‘ladi. Hozirgi rekord 2019 yilda Nikolas Pepening “Arsenal”ga 80 million yevro evaziga o‘tishi bilan o‘rnatilgan.
18 yoshli Buxaddi Marokash terma jamoasi safida Jahon chempionatidagi yaxshi o‘yinlari bilan “Manchester Siti” skautlarining e’tiborini tortgan.
Klub darajasida esa yosh yarim himoyachi “Lill” safida 100-o‘yinini o‘tkazishiga atigi to‘rtta bahs qolgan. U mazkur uchrashuvlarda 4 ta golli uzatmani amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, “shaharliklar” Premer-liga mavsumini “Bornmut” ustidan 2:1 hisobidagi qiyin g‘alaba bilan boshlagandi.
Live
Barchasi