Siri endi lab harakatlarini ham o‘qiy oladi
Texnologiya
−
07 avgust 2023
4750Apple'ning virtual yordamchisi Siri`ni pichirlab yoki umuman ovozsiz faollashtirish imkonini beruvchi texnologiyani patentladi. Bu haqda “Ghacks” nashri xabar berdi.
Tizim shovqinli joylarda ham osongina buyruqlar olishga moslashtirilyapti. Siri bunda yuz ifodalari va lablar harakatlarini kamera orqali kuzatishi shart emas, aksincha, u odam boshi va bo‘ynining ma’lum bir tarzdagi harakati va tebranishi orqali fikrlarni tushunib oladi. Bunda odam shunchaki lablari orqali so‘rovni ovozsiz yoki pichirlab bildirsa kifoya. O‘ta sezgir sensorlar ushbu harakatlarni o‘qiydi - bu kamera yoki mikrofonni talab qilmaydi. Bunday sensorlar, masalan, AirPods’ga o‘rnatilishi mumkin.
Ushbu o‘zgarish nafaqat Siri`ning aniqligi va sezgirligini oshiradi, balki batareya quvvatini ham tejaydi. Chunki “Hey Siri” tinglash funksiyasi mikrofonlarning doimiy faol bo‘lishini talab qiladi, bu esa ko‘p zaryad oladi. Harakat va tebranish sensorlari esa mikrofonlarga qaraganda kamroq quvvat sarflaydi.
Ixtiro, ayniqsa, gapirish mumkin bo‘lmagan holatlarda, masalan, gavjum xonada yoki mashina haydash paytida foydali bo‘ladi.
Patent arizasida Apple ushbu texnologiyani bozorga qachon chiqarishni rejalashtirayotgani ko‘rsatilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Apple kompaniyasi 2016 yildan beri kuzatilmagan eng uzoq muddatli savdo pasayishiga duch keldi. Bunga uning ketma-ket yilning uchinchi choragida ham sun’iy intellektga katta sarmoya kiritgani sabab bo‘lgan.
LiveBarchasi