Sirdaryolik 99 yoshli onaxon pensiyasini Turkiyadagi zilziladan jabrlanganlarga yubordi (video)
Jamiyat
−
09 fevral 2023
12392Sirdaryo viloyatida 99 yoshli onaxon Zulayho Ismoilova pensiya pulini Turkiyadagi zilziladan jarblanganlarga yordam tariqasida yubordi. Bu haqda uning o‘zi videomurojaatida ma’lum qildi.
“Turkiya xalqi boshiga og‘ir ish tushibdi. Ularga achindim. Yoshim 99 da. Ozgina pensiyam bor edi, hech bo‘lmasa shuni bersam. Biroz bo‘lsa ham, yordamim tegsa xursand bo‘lardim. Duo qilaman. Alloh ularning mushkulini oson qilsin”, deydi onaxon.
Joriy yilning 6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 magnitudali zilzila yuz berdi. Yer silkinishlari, keyin 300 ga yaqin yerosti silkinishlari mamlakatning 10 viloyatida, shuningdek, qo‘shni davlatlar, jumladan Suriyada ham sezilgan.
Shundan so‘ng, Turkiyaning 10 ta hududida favqulodda holat, shuningdek, mamlakatda 7 kunlik motam e’lon qilindi. Hozirda zilzila qurbonlari soni 12 873 kishini tashkil etmoqda. 62 937 nafar shaxs esa tan jarohati olgan.
Zilziladan keyin 70 ta davlat va 14 xalqaro tashkilot Turkiyaga yordam taklif qildi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev topshirig‘i bilan Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida FVV qutqaruvchilari hamda 3 ta maxsus avariya-qutqaruv texnikasi Turkiyaga jo‘natildi.