Sirdaryoda uch yigit kafe ofitsiantini shafqatsizlarcha do‘pposladi
3-sahifa
−
11 noyabr 2020
14992Kecha, 10 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Yangiyer shahrida uch nafar yigit kafeda ishlovchi yigitni do‘pposladi. Bu haqa Tergov departamenti xabar berdi.
Fuqarolar 25 yoshli S.T., 26 yoshli Sh.M. va 19 yoshli B.R. bilan birgalikda bir oy muqaddam qo‘shni tuman hududiga borishgan vaqtida mahalliy aholi vakillari bilan o‘zaro gap tortishib qolgan. Shu sababli ular 10 noyabr kuni soat 13:00 da o‘ch olish maqsadida, Yangiyer shahar, “Shodlik” MFY hududida joylashgan “GRILL BAR” kafesiga borgan.
Yigitlar jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan ushbu kafe ofitsianti 23 yoshli J.X. bilan o‘rtalarida o‘zaro oldindan bo‘lib o‘tgan kelishmovchilik negizida qo‘llari bilan J.X.ni urib, oyoqlari bilan tepib, yog‘och jismdan foydalanib, bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatgan holda shafqatsizlarcha J.X.ni tanasining turli joylariga urib, do‘pposlab tan jarohati yetkazib, hodisa joyidan yashiringan.
Natijada, fuqaro J.X. o‘ng qo‘l kichik barmog‘i yopiq sinishi, yuqori chap tomon ikkita tishlarining sinib tushishi, tanasining ko‘plab shilingan jarohatlari bilan Sirdaryo viloyati SHTTYOMga murojaat qilgan.
Holat yuzasidan Yangiyer shahar IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan (bezorilik harakatlarining oldini olish chorasini ko‘rgan boshqa fuqarolarga qarshilik ko‘rsatib sodir etilgan bo‘lsa) jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Fuqarolar S.T., Sh.M. va B.R. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlanganlar. Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.