Sirdaryoda noma’lum portlash ovozi va zilzila kuzatildi
Jamiyat
−
23 dekabr 2020
16974Bugun, 23 dekabr kuni kechqurun, taxminan soat 2:00 lar atrofida Guliston shahrida kelib chiqish sababi noma’lum portlash ovoziga o‘xshash gumburlash va qattiq yer silkinishi, sodir bo‘lgan. Mahalliy aholining ko‘pchiligi tomonidan tasdiqlanayotgan mazkur holatga Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Sirdaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Matbuot xizmati boshlig‘i Davron Sulaymonov ishtirokida Guliston shahrida kuzatilgan gumburlash va qattiq yer silkinishi hodisasi yuzasidan onlayn brifing tashkil qilingan.
Brifingda ta’kidlanishicha, joriy yilning 20 va 23 dekabr kunlari Guliston shahrida zilzilaga o‘xshash yer silkinishi va portlash kabi ovozlar haqiqatda kuzatilgan. Bu holatlar bo‘yicha viloyat FVBga yong‘in va portlash bo‘yicha qo‘ng‘iroqlar kelib tushmagan. Shunga qaramay FVB tomonidan ishchi guruh tuzilib Guliston shahar va unga yondosh hududlarda portlash va yong‘in kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ob’ektlar o‘rganib chiqilgan. Ammo ularning hech birida salbiy holatlar kuzatilmagan.
Shunga qaramasdan ushbu holat bo‘yicha maxsus guruh tuzilgan va yaqin kunlarda Gulistondagi ovoz va yer silkinishiga o‘xshash voqeaga aniqlik kiritilishi ma’lum qilindi.
Sirdaryodagi ushbu sirli gumburlash ovozlari Respublikadagi yagona va birinchi holat emas. 2018 yilda Namangan viloyatida ham mana shunga o‘xshash holat yuz bergandi. O‘shanda ham mas’ullar vaziyat obdon o‘rganilishi va sabablari ma’lum qilinishini ta’kidlashgan.
LiveBarchasi