Sirdaryoda noqonuniy baliq ovlagan shaxs 20 mln so‘m jarimaga tortildi

3-sahifa

image

Sirdaryo viloyatida noqonuniy baliq ovlagan shaxslar jarimaga tortildi. Bu haqda Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabar berdi. 

Qayd etilishicha, Sirdaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan Xovos tumanida navbatdagi reyd tadbiri o‘tkazilgandi. Reyd davomida fuqaro T.X. tumandan oqib o‘tuvchi zovurdan ov qoidalarini buzgan holda 4 turdagi 27 ta baliqni ovlagani, bulardan 9 ta baliq me’yoridan (5 kg) ortiqcha ekanligi aniqlangandi. Natijada hayvonot dunyosiga 14 mln 960 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgan. 

Ma’lumot uchun, Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tabiiy suv havzalarida jismoniy shaxslarga sport-ishqibozlik turida 1 sutka ichida 5 kilogrammgacha miqdorda bo‘lgan baliqni ovlashga ruxsat etiladi. 

Holat yuzasidan huquqbuzarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 90-moddasi 1-qismiga ko‘ra ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. T.X. bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravari — 5 mln 100 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi. U qilmishi uchun jami 20 million 60 ming so‘m (jarima va zarar) to‘laydigan bo‘ldi.  

Ma’lumot uchun, Ekologiya vazirligi va vazirlikning hududiy boshqarmalari tomonidan noqonuniy ov bilan shug‘ullanishga qarshi reyd tadbirlari doimiy tarzda davom ettirilmoqda. Bu kabi huquqbuzarliklar qonuniy javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda Qizil kitobga kiritilgan baliqlarni ovlagan shaxs 2 yilga qamalgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Sirdaryo

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing