Sirdaryoda 34,3 mlrd so‘mlik elektr energiyani talon-toroj qilgan mayning ferma aniqlandi
3-sahifa
−
18 aprel
3146Sirdaryoda 34,3 milliard so‘mlik elektr energiyani talon-toroj qilgan mayning ferma fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Sirdaryo tumanidagi chorvachilikka ixtisoslashgan mas’uliyati cheklangan jamiyat binosida xorijdan keltirilgan jami 107 dona “INNOSILICON T3”, “Whatsminer M21S” va “ANTMINER S9 BITMAIN” qurilmalaridan foydalanib, kriptovalyuta ishlab chiqarish bilan shug‘ullanilgan.
Aniqlanishicha, ushbu maqsadda 2022 yilning aprel oyidan 2024 yilning mart oyiga qadar MCHJga qarashli elektr hisoblagichning ikkilamchi zanjirini vaqti-vaqti bilan uzib, haqiqatda oqib o‘tayotgan quvvatni yashirish orqali hisoblagich ko‘rsatkichini sun’iy kamaytirish yo‘li bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilishi oqibatida davlatga 34 mlrd 367 mln so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.
Agarda MCHJ rahbarlari tomonidan talon-toroj qilingan 39,3 mln kVt elektr energiyasidan oqilona foydalanilganida, viloyatning Boyovut, Sardoba, Oqoltin va Guliston tumanlari aholisining bir oylik ehtiyojini qoplash mumkin edi.
Hozirda MCHJning mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Toshkentning Chilonzor tumanida davlatga katta miqdordagi zarar yetkazgan kriptoferma aniqlangandi.
LiveBarchasi